Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Rossiya yaqin kunlarda yirik hujum uyushtirishga tayyorlanayotganini iddao etgan holda yurtdoshlarini havo hujumi ogohlantirishlari paytida ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.
Zelenskiy shanba kuni (21.06.2026) oqshomida qilgan murojaatida: «Bu kecha va yaqin kunlarda havo hujumi ogohlantirishlariga nisbatan ayniqsa hushyor bo‘lishimiz kerak. Rossiya yangi va keng ko‘lamli hujum tayyorlamoqda» - dedi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiya kuchlari Ukraina bo‘ylab hujumlarini davom ettirib, tinch aholi vakillarining o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, u Ukraina Rossiyaning Tyumen viloyatidagi neftni qayta ishlash zavodiga «samarali» zarba berganini ham tasdiqladi.
Bundan tashqari, Zelenskiy Rossiyani Belarusni mojaroga jalb etishda ayblab, bu holat «nihoyatda xavfli» oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra Belarus chegarasi yaqinida Rossiyaning Ukrainaga qarshi insonsiz havo transporti hujumlarini muvofiqlashtirishga yordam beruvchi retranslyator qurilmalari joylashtirilgan.
«Belarusda bu uskunalarni demontaj qilish uchun hali ham vaqt bor» - dedi Zelenskiy.
Zelenskiy, shuningdek, Belarusning Rossiyaga benzin yetkazib berishi joriy yilning yanvar – may oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 barobar, dizel yoqilg‘isi eksporti esa uch barobar oshganini qayd etdi. Uning fikricha, mazkur yetkazib berishlar va Belarus sanoatining ko‘magi Minskning mojarodagi pozitsiyasini yana - da mustahkamlamoqda.















