Tel - Aviv universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot Isroilning G‘azodagi genotsid urushi ta’siri, sud islohotlari va ommaviy norozilik namoyishlari kabi 2023 - yildan keyingi jarayonlarga e’tibor qaratgan holda so‘nggi 15 yildagi migratsiya tendensiyalarini tahlil qildi.
Natijalarga ko‘ra, 2023 va 2024 yillarda taxminan 950 nafar shifokor Isroilni tark etgan; qaytib kelganlar hisobga olinganida esa bu raqam 510 nafar deb baholanmoqda.
Mamlakatni tark etgan shifokorlarning uchdan ikki qismi Isroil tibbiyot fakultetlari bitiruvchilari bo‘lib, bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan yuqoriroq ekani ta’kidlandi.
Tadqiqot Isroil Markaziy statistika byurosi, Oliy ta’lim kengashi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Soliq idorasidan olingan ma’lumotlarga asoslangan holda migratsiya, ta’lim, litsenziyalash va daromad yo‘nalishlaridagi tendensiyalarni tahlil qiladi.
Qaytish migratsiyasining sekinlashuvi
Tadqiqotga ko‘ra 2023 va 2024 yillarda jami qariyb 100 ming nafar isroillik mamlakatni tark etgan. Bu esa har yili taxminan 50 ming nafar insonga teng bo‘lib, uzoq yillar davom etgan nisbiy barqarorlikdan keyin o‘zgarish yuz berayotganidan xabar bermoqda.
Tadqiqotchilar, «Mamlakatni tark etayotganlar orasida shifokorlar, ilmiy darajaga ega bo‘lgan mutaxassislar, boshqa akademiklar, muhandislar va yuqori daromadli shaxslar sonida sezilarli va tashvishli o‘sishni aniqladik», - dedi. Shuningdek, qaytish migratsiyasining sekinlashuvi inson sarmoyasining tashqariga oqimini kuchaytirayotgani qayd etildi.
Natijalar shuni ko‘rsatadiki, mamlakatni tark etgan shifokorlarning yirik qismi tajribali mutaxassislardan iborat.
Tadqiqotda ushbu o‘sish davom etgudek bo‘lsa unda bu holat jiddiy iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.
Tadqiqotchilar bu tendensiya mamlakat uchun «juda katta xavf» tug‘dirishi mumkinligini bildirib, «Siyosiy, iqtisodiy yoki xavfsizlik bilan bog‘liq qo‘shimcha zarbalar migratsiya hajmining keskin va tez o‘sishiga olib kelishi mumkin» - degan xulosaga keldi.













