Jaffna mintaqasidagi Chemmani hududida qabriston maydonini kengaytirish uchun qazish ishlarini olib borayotgan ishchilar inson suyaklariga duch keldi.
Murojaat asosida boshlangan qazish ishlarining uchinchi bosqichi avgust oyida yakunlandi. Bu yerda bolalar va chaqaloqlar ham bo‘lgan 572 kishiga oid suyak qoldiqlari topildi.
Ommaviy qabrdan marhumlarga tegishli bilaguzuk, maktab sumkasi va chaqaloqlar shishasi kabi buyumlar ham aniqlandi.
Ushbu joy Shri-Lankada hozirgacha aniqlangan eng yirik ommaviy qabr sifatida baholanmoqda.
Fuqarolar urushining og‘ir oqibatlari va bedarak yo‘qolganlar
Mamlakatda 1983-yildan 2009-yilgacha davom etgan fuqarolar urushi Tamil yo‘lbarslari jangarilari bilan sinhallar hukmronligidagi hukumat o‘rtasida kechdi.
26 yil davom etgan to‘qnashuvlarda taxminan 100 ming kishi halok bo‘ldi. Qurbonlarning aksariyatini tamillar tashkil etdi, qariyb 23 ming kishi esa bedarak yo‘qoldi.
1995-yilda Jaffna yarimorolini nazoratga olgan armiya hududni yuqori xavfsizlik zonasiga aylantirdi. O‘sha davrda minglab fuqaroning bedarak yo‘qolishida xavfsizlik kuchlari ayblandi, biroq hukumatlar bu da’volarni rad etdi.
Adolat talabi va shubhalar
Chemmanidagi yangi topilmalar bedarak yo‘qolganlarning yaqinlarini yana namoyishlar o‘tkazishga va xalqaro tergov talab qilishga undadi.
Inson huquqlari tashkilotlari jasadlarning kiyimsiz holda, bir-biriga zich va yer yuzasiga yaqin chuqurlarga ko‘milgani sudsiz qatl etilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi shubhalarni kuchaytirganini bildirdi.
Shri-Lanka Inson huquqlari komissiyasi dafn etish usuli an’anaviy hindu urf-odatlariga mos kelmasligini hamda bu odamlar noqonuniy ravishda qatl etilgan bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Shri-Lanka prezidenti Anura Kumara Dissanayake hukumat tergov organlari bilan to‘liq hamkorlik qilayotganini, qoldiqlar ustida DNK tahlillari va batafsil tekshiruvlar o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Biroq tamil aholisi va inson huquqlari tashkilotlari o‘tmishda shunga o‘xshash tergovlar natijasiz qolganini ta’kidlab, hukumatning xalqaro tergov mexanizmlariga qarshi chiqayotganidan norozilik bildirmoqda.





















