Zaporijya AESning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan bayonotda, Ukraina stansiyaning transport bo‘limiga kamida 14 ta UUA yordamida hujum uyushtirgani bildirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumlardan biri transport binosidagi garaj qismida yong‘inga sabab bo‘lgan. Shuningdek, garaj va texnik xizmat ko‘rsatish hududidagi binolarga ham zarar yetgan.
Bayonotda davom etayotgan hujum tahdidi hamda tekshiruvlar o‘tkazishdagi cheklovlar sabab yetkazilgan zararning aniq ko‘lami hozircha to‘liq baholanmaganligi qayd etildi.
Hujumlar oqibatida halok bo‘lganlar yoki yaralanganlar yo‘qligi ma’lum qilinar ekan, stansiya xodimlari obyektning xavfsiz va barqaror faoliyatini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rayotgani ta’kidlandi.
Zaporijya AES Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi hisoblanadi. Rossiya armiyasi Ukrainadagi urush boshlanganidan so‘ng, 2022-yil mart oyida stansiya nazoratini qo‘lga olgan edi.









