Hamas chorshanba kuni e’lon qilgan bayonotida, kelishuv doirasida ozod etiladigan isroillik garovdagilar hamda falastinlik mahbuslar ro‘yxatlari o‘zaro almashilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, tashkilot AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azodagi urushni tugatish rejasiga doir Misrdagi muzokaralar yuzasidan ijobiy kayfiyatda ekanini bildirdi.
Ateşkes shartlari HAMAS va Isroil o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar orqali muhokama qilinayotgani, bu jarayonda AQSh, Qatar va Turkiya vositachi sifatida Sharm ash-Shayxda uchrashgani ma’lum qilindi.
Falastinlik qarshilik harakati muzokaralar jangovar harakatlarni to‘xtatish mexanizmlari, Isroil kuchlarining G‘azodan chiqib ketishi va tutqunlarni ayirboshlash masalalariga qaratilganini bildirdi.
Reuters agentligiga gapirgan falastinlik manbaga ko‘ra, Misrning Sharm ash-Shayx shahrida o‘tkazilgan uchrashuvlarda Trampning 20 banddan iborat rejasining birinchi bosqichini amalga oshirish jadvali hali belgilanmagan.
Donald Tramp esa 7 oktyabr hujumi yilligida, seshanba kuni, kelishuv sari muayyan ijobiy siljishlar borligidan umidvor ekanini ta’kidladi.
AQSh delegatsiyasi tarkibida maxsus vakil Stiv Vitkoff hamda Trampning birinchi prezidentlik davrida Yaqin Sharq elchisi bo‘lgan kuyovi Jared Kushner ham ishtirok etadi. Delegatsiya urushnito‘xtatishga eng yaqin turgan reja bo‘yicha muzokaralarda qatnashadi.
Shunga qaramay, barcha rasmiylar tezkor kelishuvga erishish ehtimoli borasida ehtiyotkor bo‘lish zarurligini urg‘ulashdi. Shunday bo‘lsa-da, ro‘yxatlarning almashinuvi jarayoni, Isroilning vayronkor urushini to‘xtatishga tomon tashlangan birinchi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Isroillik manbaga ko‘ra, Bosh vazir Netanyaxuning yaqin maslahatchisi va Isroil strategik ishlar vaziri Ron Dermer chorshanba kuni tushdan keyin muzokaralarga qo‘shiladi.
Reuters shuningdek, muhim vositachi bo‘lgan Qatar bosh vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy hamda Turkiya Milliy razvedka tashkiloti rahbari Ibrohim Qalinning ham chorshanba kuni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishini xabar qildi.
Hamas doimiy va keng qamrovli otashkes, Isroil kuchlarining to‘liq chiqib ketishi hamda falastinliklardan tashkil topgan “milliy texnokrat hukumat” nazoratida G‘azoni qayta tiklash jarayonining darhol boshlanishini talab qilmoqda.
Isroil esa Hamasning qurolsizlanishini talab qilmoqda, biroq harakat bu narsa erkin Falastin davlati barpo etilmaguncha mumkin emasligini bildirmoqda.
AQSh rasmiylariga ko‘ra, dastlabki uchrashuvlar jangni to‘xtatish va G‘azodagi isroillik garovdagilar bilan Isroildagi falastinlik tutqunlarning ozod qilinishi masalalariga qaratilgan.
Isroil, mintaqada hali otashkesga erishilmagani sabab, G‘azoga hujumlarini davom ettirib, xalqaro miqyosda yanada izolyatsiyaga tushib qoldi.
Isroilning hujumlariga qarshi butun dunyo bo‘ylab norozilik va g‘azab to‘lqini kuchaymoqda. Bu hujumlar G‘azodagi aholining deyarli barchasini ko‘chkinchiga aylantirib, ocharchilik inqirozini yuzaga keltirdi.
Yaqinda o‘tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti surishtiruvi, shuningdek inson huquqlari mutaxassislari va olimlar, Isroilning 2023 yildagi Hamas hujumi ortidan “o‘zini himoya qilish” deb atagan harakatlarini aslida genotsid deb baholamoqda.
Isroil armiyasi 2023 yil oktyabridan buyon G‘azada 67 mingdan ortiq falastinlikni — ularning aksariyati ayollar va bolalarni — o‘ldirgan.
Isroilning tinimsiz bombardimonlari, bu hududni deyarli yashab bo‘lmaydigan vayronagohga aylantirgan.