TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni mudofaa hamkorligini kuchaytiradi
Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida imzolangan mudofaa pakti umumiy harbiy salohiyatlarni rivojlantirishga qaratilgani qayd etildi.
Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni mudofaa hamkorligini kuchaytiradi
_

Turkiya Respublikasi Milliy Mudofaa vazirligi Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida imzolangan mudofaa pakti umumiy harbiy salohiyatlarni rivojlantirishga qaratilgani va hech bir davlatni umumiy dushman yoki raqib sifatida belgilamasligini ma’lum qildi.

Vazirlikning haftalik matbuot brifingida so‘zga chiqqan Matbuot va jamoatchilik bilan aloqalar maslahatchisi kontr - admiral Zeki Akturk kelishuvning asosiy maqsadlari mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka hissa qo‘shish, harbiy hamkorlikni rivojlantirish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan inqirozlarda birgalikda harakat qilish salohiyatini kuchaytirishdan iborat ekanini qayd etdi. Akturk: «Mazkur kelishuv mudofaa xususiyatiga ega bo‘lib, hech bir davlatni umumiy dushman yoki raqib sifatida belgilamaydi» - dedi.

Harbiy hamkorlikni bosqichma - bosqich rivojlantirish rejalashtirilayotganini bildirgan Akturk: «Shu doirada qo‘mondonlik - shtab va dala mashg‘ulotlaridan boshlash, keyingi bosqichlarda esa quruqlik, dengiz, havo, havo mudofaasi va insonsiz tizimlarni o‘z ichiga olgan qo‘shma mashg‘ulotlarni o‘tkazish maqsad qilinmoqda» - deya ta’kidladi.

Mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlik kelishuvning muhim tarkibiy qismi ekaniga e’tibor qaratgan Akturk: «Bu doirada nafaqat mahsulot va tizimlarni yetkazib berish, balki ularni birgalikda ishlab chiqish va ishlab chiqarish, texnologik hamkorlik hamda barqaror texnik xizmat va logistika ta’minotini yo‘lga qo‘yish ham maqsad qilinmoqda» - dedi. Ayniqsa, insonsiz va avtonom tizimlar, elektron urush hamda sun’iy intellekt yordamidagi salohiyatlar ustuvor hamkorlik yo‘nalishlari qatoridan o‘rin olgani bildirildi.

Makka Qo‘shma MudofaabBitimining xalqaro xavfsizlik arxitekturasidagi o‘rniga to‘xtalgan Akturk quyidagilarni qayd etdi:

«Makka Qo‘shma Mudofaa bitimi NATOga muqobil yoki raqib emas. U mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka hissa qo‘shish orqali xalqaro xavfsizlik arxitekturasini to‘ldiruvchi mexanizm sifatida baholanmoqda».