TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Anqara aeroporti bugun ochiladi
Modernizatsiya ishlari yakunlangan Etimesgut aeroporti bugun “Anqara aeroporti” nomi va “ANK” kodi bilan Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan rasman ochiladi.
Anqara aeroporti bugun ochiladi
"Anqara aeroporti" (ANK) kelgusi oyda bo'lib o'tadigan NATO sammitida faol foydalanilishi rejalashtirilmoqda.

Keng qamrovli modernizatsiya ishlari yakunlangan Etimesgut aeroporti bugun “Anqara aeroporti” nomi va “ANK” kodi bilan milliy hamda xalqaro parvozlarga xizmat ko‘rsatish uchun Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan rasman foydalanishga topshiriladi.

Turkiya Transport va infratuzilma vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kelasi oy bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida ham faol foydalanilishi rejalashtirilayotgan aeroportning ochilish marosimi bugun soat 13:00 da o‘tkaziladi.

Faqat harbiy aerodrom sifatidagi maqomdan chiqarilib, keng fyuzelyajli samolyotlar qo‘na oladigan va dunyo yetakchilarini qabul qila oladigan xalqaro aviatsiya markaziga aylantirilgan aeroportdagi ishlar Davlat aeroportlari bosh boshqarmasi (DHMİ) hamda Milliy mudofaa vazirligi Logistika bosh boshqarmasi o‘rtasida imzolangan protokol doirasida amalga oshirildi.

O‘zgarishlar 8 oyda yakunlandi

Poytaxt Anqaraning aviatsiya infratuzilmasini mustahkamlashga qaratilgan modernizatsiya jarayoni yuqori darajadagi muvofiqlashtirish natijasida atigi 8 oy ichida yakunlandi. Loyiha doirasida aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi, perronlari, ulanish yo‘llari va texnologik infratuzilmasi xalqaro standartlarga mos ravishda yangilandi.

Avval 2 ming 450 metr uzunlik va 42 metr kenglikka ega bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi 3 ming metr uzunlik va 60 metr kenglikka kengaytirildi. Shu tariqa keng fyuzelyajli samolyotlarning xavfsiz qo‘nishi va parvoz qilishi uchun zarur infratuzilma yaratildi.

Yo‘lak boshlarida qurilgan umumiy maydoni 15 ming kvadrat metr bo‘lgan ikkita burilish maydoni va 160 ming kvadrat metrlik yangi perron tufayli bir vaqtning o‘zida qariyb 44 ta samolyotni qabul qilish imkoniyati yaratildi.

Xalqaro standartlarga mos zamonaviy infratuzilma

Aeroportdagi mavjud taksi yo‘llari to‘liq yangilandi, yangi parallel va ulovchi taksi yo‘llari barpo etildi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi xavfsizligini oshirish maqsadida uchish-qo‘nish yo‘lagi oxiri xavfsizlik hududi (RESA) tashkil qilindi.

Yoritish tizimlari, yaqinlashuv chiroqlari va yo‘naltirish uskunalari xalqaro aviatsiya standartlariga mos ravishda modernizatsiya qilindi, barcha mexanik, elektr va drenaj tizimlari to‘liq yangilandi.

Shuningdek, 4 ming 800 kvadrat metr yopiq maydonga ega Davlat mehmon uyi va 310 avtomobil sig‘imiga ega ochiq avtoturargoh foydalanishga tayyor holga keltirildi. Barcha operatsion bo‘linmalar yagona raqamli tarmoq ostida integratsiya qilindi.

Shahar transportiga yengillik beradigan yangi yo‘l

Loyiha doirasida aeroport bilan Oy-Yulduz majmuasi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovni ta’minlaydigan 12,5 kilometrlik yangi ulanish yo‘li ham qurildi. Yo‘lning 3 kilometrlik qismida ko‘prik va yerosti o‘tish inshootlari barpo etildi.

Mazkur ko‘prik 140 metr uzunlikka ega bo‘lib, bir ustunli osma konstruksiyasi va ekstradoz dizayni bilan ajralib turadi. Anqara bulvari ustida qurilgan 40 metrlik estakada orqali ham yo‘nalish bo‘ylab uzluksiz transport harakatini ta’minlash maqsad qilingan.

Anqara aeroportining foydalanishga topshirilishi bilan poytaxtning havo qatnovini yanada muvozanatli boshqarish, xalqaro tadbirlar va yuqori darajadagi protokol dasturlari vaqtida yuzaga keladigan yuklamani Esenbo‘g‘a aeroportidan qisman olish hamda shahar ichki avtomobil harakatini yengillashtirish ko‘zda tutilmoqda.