Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an seshanba kuni G‘arb davlatlarining Falastinni tan olishga qaratilgan harakatlarini ikki davlatli yechim sari tashlangan muhim qadam sifatida baholadi. Bu bayonot Misrda Isroil va G‘azo o‘rtasidagi ikki yillik urushni rasman tugatgan sulh kelishuvi e’lon qilinganidan bir kun o‘tib yangradi.
“Bu bosqichda ikki davlatli yechimga erishish uchun sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarur. Biz G‘arb davlatlari, ayniqsa Buyuk Britaniya va Fransiyaning Falastin davlatini tan olish qarorlarini faqat diplomatik qadamlardek emas, balki ikki davlatli yechimga olib boruvchi jarayonning ajralmas qismi sifatida ko‘rishni istaymiz. Aks holda, qabul qilingan har qanday qadam to‘liq bo‘lmaydi va o‘z maqsadiga yetmaydi,” dedi Erdo‘g‘an.
U 1967-yilgi chegaralar asosida, Sharqiy Quddusni poytaxt sifatida belgilagan mustaqil, suveren va geografik jihatdan yaxlit Falastin davlati yagona yechim ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Misr, Qatar va Turkiya AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan birgalikda G‘azo sulh kelishuvi bo‘yicha hujjatni imzoladilar. Tramp imzo marosimidan avval ushbu hujjat tinchlikning asosiy qoidalari va mexanizmlarini belgilashini aytdi.
“Bu imzolar shunchaki ramziy ahamiyatga ega emas — ular tinchlikka bo‘lgan majburiyatimizni va tarixiy jarayonning bir qismi ekanini anglatadi,” dedi Erdo‘g‘an.
“G‘azo genotsidi unutilmasligi kerak”
Turkiya prezidenti Isroilning sulhni buzish bo‘yicha o‘tmishdagi tajribalarini tanqid qilib, Turkiya hamda AQShning tinchlik kelishuvini amalga oshirish borasidagi qat’iy qaroriga urg‘u berdi.
“Isroil qo‘shnilari bilan bosib olish orqali hech qanday natijaga erisha olmasligi aniq. Netanyaxu hukumati genotsidga qarshi bildirilgan reaksiyalarni antisemitizm bilan tenglashtirishga urindi, ammo bu urinishlar samarasiz bo‘ldi,” dedi Erdo‘g‘an.
U G‘azo aholisining og‘ir ahvoli unutilmasligi kerakligini ta’kidlab, kelgusidagi gumanitar falokatlarning oldini olish uchun diplomatik e’tiborni doimiy saqlash zarurligini qayd etdi.
“Biz G‘azo genotsidi unutilmasligini ta’minlash uchun harakatlarimizni davom ettiramiz,” dedi u.
Erdo‘g‘on, shuningdek, Tramp bilan davom etayotgan diplomatik aloqalarni muhim deb atab, bu masalaga nihoyatda sezgirlik bilan yondashilishini bildirdi.
“G‘azoni qayta tiklash uchun kengroq yordam zarur”
Turkiya prezidenti Anqara G‘azoni qayta tiklash jarayonida qaysi davlatlar ishtirok etishi mumkinligini muhokama qilayotganini aytib, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, AQSh va Yevropadan kengroq yordam so‘radi.
U G‘azoni qayta tiklash loyihalarini tezkor amalga oshirish uchun yetarli moliyaviy resurslar ta’minlanishiga ishonch bildirdi.
G‘azodagi og‘ir gumanitar vaziyatga e’tibor qaratgan holda, Erdo‘g‘an G‘azoni qayta tiklash eng muhim masala ekanini ta’kidladi va qish mavsumi kelguniga qadar aholini boshpanalar bilan ta’minlashga va’da berdi.
“Biz G‘azo aholisining boshpana ehtiyojlarini qish kelishidan oldin qondirish uchun tinimsiz ishlaymiz,” dedi Erdo‘g‘an, Misrning Sharm ash-Shayx shahrida o‘tkazilgan G‘azo tinchlik sammitidan qaytayotgan samolyotda jurnalistlarga bergan intervyusida.
Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Turkiyadan G‘azoga 350 ta gumanitar yordam yuk mashinasi kirgan. Shuningdek, Hamas-Isroil kelishuvi har kuni kamida 600 ta yuk mashinasining G‘azoga kirishini nazarda tutadi.














