G‘aznachilik va moliya vaziri Mehmet Shimshek ortib borayotgan xalqaro proteksionizm va iqtisodiy parchalanishga qarshi kurashish maqsadida Turkiyaning «Rivojlanish yo‘li» va «O‘rta yo‘lak» kabi global savdo yo‘llariga kiritayotgan sarmoyalarini ta’kidladi.
Vazir chorshanba kuni (22.04.2026) Kanal 7 tomonidan tashkil etilgan «Yuksalayotgan Turkiya sammitlari»da so‘zga chiqib, Turkiya aloqadorlik va mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaga sarmoya kiritish orqali global parchalanishga qarshi mamlakat manfaatlariga xizmat qiladigan yo‘laklarni mustahkamlab borayotganini qayd etdi.
U dunyo hech qachon hozirgidek yuqori darajadagi noaniqlikka duch kelmaganini, qutblanish, mojarolar va keskinliklar kuchayganini yodga solib; AQSh/ Isroil – Eron urushi vaqtinchalik makroiqtisodiy ta’sirlarni keltirib chiqarganini ta’kidladi. Bozorlarda global inflyatsiyaning oshishi kutilayotgani, moliyaviy sharoitlarning biroz murakkablashish xavfi va iqtisodiy o‘sishda sekinlashuv ehtimoli borligini bildirdi.
Shimshek Basradan Turkiyaga qadar taxminan 1 200 – 1 250 kilometrga cho‘zilgan temir yo‘l, avtomagistral va energetika koridorini o‘z ichiga olgan «Rivojlanish yo‘li» ushbu bog‘liqlik tashabbuslaridan biri ekanini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Osiyoni Yevropa bilan bog‘lash
Vazirning aytishicha Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Iroq ham ushbu loyihada hamkor sifatida ishtirok etmoqda. U «O‘rta yo‘lak» Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi asosiy yo‘laklardan biri bo‘lib, Anado‘ludan o‘tishini ta’kidladi.
Shimshek mavzu haqida shuningdek: «Istanbuldagi 3 - ko‘prik aynan shu ko‘prikdan o‘tadigan temir yo‘l aloqasi uchun keng qurilgan. Bu esa O‘rta yo‘lakning eng muhim tarkibiy qismi bo‘lgan 8,1 milliard dollarlik loyihadir» - dedi. U loyihaning moliyalashtirilishining 83 foizi xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan ta’minlanishini ham o‘z so‘ziga ilova etdi.
Vazir, so‘zlari yakunida, Turkiya O‘rta yo‘lakni kuchaytirish maqsadida Jahon banki bilan kelishuv imzolaganiga e’tibor qaratdi.











