Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Rossiya diplomatiyaga tayyor bo‘lsa unda Kiyev yaqin kunlarda Ozarbayjonda uch tomonli tinchlik muzokaralari o‘tkazish payida ekanini bildirdi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ortidan uyushtirilgan mushtarak matbuot anjumanida nutq so‘zlagan Vladimir Zelenskiy, Rossiyaning bu adolatsiz urushni tugatish uchun kuch topishi Ukraina uchun nihoyatda muhim ekanini ta’kidladi.
Zelenskiy: «Albatta, hamkorlarimizning bu jarayonda o‘rtamchilik qilishdagi roli alohida ahamiyat kasb etadi», - dedi va Aliyev bilan tinchlik sa’y - harakatlarini muhokama qilganini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Zelenskiy, Ozarbayjon shimolidagi Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xavfsizlik hamda boshqa sohalarni o‘z ichiga olgan oltita hujjat imzolanganini bildirdi. Ukraina, Yaqin Sharqdagi urush paytida Kiyevning insonsiz havo transportlari sohasidagi tajribasini ulashish niyatida.
Zelenskiy ikki mamlakat mudofaa sanoatini birgalikda rivojlantirishga oid kelishuvlarni «jiddiy qadam» deb baholadi.
Ozarbayjonlik hamkasbi Ilhom Aliyev bilan birga nutq so‘zlagan Zelenskiy, ukrainalik insonsiz havo transporti sohasi mutaxassislari Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan va Rossiyaning janubi bilan chegaradosh bo‘lgan sobiq Sovet respublikasi — Ozarbayjonda anchadan beri faoliyat yuritayotganini ifoda etdi.
Mart oyining boshida Erondan uchirilgan insonsiz havo transportlari Ozarbayjondagi bir aeroportga zarba berib, maktab yaqinida portlagan va to‘rt kishini yaralagan edi. Bu esa mojaroning Kavkaz mintaqasiga ham yoyilishi mumkinligi ustidagi xavotirlarni kuchaytirdi.
Shundan beri Boku bilan Tehron o‘rtasidagi sovuq munosabatlar yanada yomonlashdi.
Aliyev, Kiyev bilan Boku o‘rtasida «jiddiy hamkorlik» borligi va u mazkur tashrif davomida yana bir bor tasdiqlanganini qayd etdi.
Ozarbayjon Prezidenti, ikki yetakchi hozirda 500 million dollardan oshgan o‘zaro savdo hajmini oshirish masalasini ham muhokama qilganini bildirdi.
Aliyev, siyosiy muloqotdan tashqari tomonlar energetika sohasidagi hamkorlikni ham ko‘rib chiqqanini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtamchiligida Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida bir necha bor tinchlik muzokaralari o‘tkazilgan edi biroq Eron bilan bog‘liq mojaro bu jarayonni to‘xtatib qo‘ydi.
Moskva bilan Boku o‘rtasidagi munosabatlar 2024 - yili bir Ozarbayjon yo‘lovchi samolyotining tasodifan Rossiyaning zenit raketasi bilan urib tushirilishi va oqibatida 38 kishining halok bo‘lishi ortidan so‘nggi bir yil ichida sovuqlashgan edi.














