Turkiya Tashqi Ishlar vazirligi manbalari tomonidan ma’lum qilinishicha Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan chorshanba kuni (10.06.2026) Bolgariya poytaxti Sofiyada o‘tkaziladigan Janubi - Sharqiy Yevropa Hamkorlik Jarayoni (SEECP) Davlat va hukumat raislari sammitida Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an vakili sifatida ishtirok etadi.
Sammit Bolgariya navbatdagi raisligi ostida "Barqaror, xavfsiz va davomli kelajak uchun mintaqaviy birlikni mustahkamlash: 30 yillik sheriklik va taraqqiyotga oid fikrlar" mavzusi ostida o‘tkaziladi.
Sammitda SEECP tarkibidagi 13 mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari hamda tashkilotning ishchi organi — Mintaqaviy Hamkorlik kengashining Bosh kotibi ishtirok etishi kutilmoqda.
Sammitda bir deklaratsiyani qabul qilish kutilmoqda.
Hakan Fidanning o‘z nutqida Turkiyaning Bolqon mintaqasida mintaqaviy mas’uliyat va inklyuzivlik tamoyillariga asoslangan hamkorlikni qo‘llab - quvvatlashi yana bir bor ta’kidlanishi kutilmoqda. Shuningdek, Anqaraning mintaqaning muhim muloqot platformalaridan biri bo‘lgan hamda o‘zi asoschi a’zolaridan sanaladigan Janubi - Sharqiy Yevropa Hamkorlik jarayoni (SEECP)ga katta ahamiyat berishi qayd etilishi rejalashtirilmoqda.
Fidan shuningdek Bolqonlarning mintaqaviy va kengroq xalqaro xavfsizlik uchun strategik ahamiyatini ta'kidlashi, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash zarurligini e'tirof etishi kutilmoqda.
Turkiya Tashqi Ishlar vaziri mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish va iqtisodiy o‘sish hamda farovonlikni rag‘batlantirish maqsadida transport va energetika tarmoqlari kabi bog‘lanish loyihalarini qo'llab - quvvatlashini qayd etishi kutilmoqda.
Fidan Rossiya - Ukraina urushida adolatli va barqaror tinchlikka erishish uchun olib borilayotgan diplomatik sa'y - harakatlarni Turkiyaning qo'llab - quvvatlashini tasdiqlashi va mintaqaviy keskinlikning qaytalanmasligi uchun Eron va AQSh o'rtasidagi muloqotni davom ettirish chaqirig'ini bildirishi kutilmoqda.
Shuningdek Hakan Fidan G'azo, bosib olingan G'arbiy Sohil va Livanda Isroilning bosib olish va anneksiya siyosatlari Yaqin Sharqda doimiy beqarorlik va mojaro muhitini yaratishga qaratilganini ta'kidlashi; bu Isroilning qonunga zid harakatlari xalqaro hamjamiyatni yana bir bor tinchlik va adolatga asoslangan umumiy mas'uliyat haqida eslatishi hamda xalqaro huquq va insonparvarlik qadriyatlari hech qanday istisnosiz himoya qilinishi kerakligini urg‘ulashi kutilmoqda.
1996 yilda tashkil etilgan SEECP barcha Bolqon davlatlarini o'z ichiga olgan yagona mintaqaviy hamkorlik platformasidir. Uning a'zolari: Albaniya, Bosniya va Gersegovina, Bolgariya, Xorvatiya, Gretsiya, Kosovo, Moldova, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya, Ruminiya, Serbiya, Sloveniya va Turkiyadir.
Moslashuvchan doimiy maslahatlashuv mexanizmi shaklida tuzilgan va bir yillik navbat bilan raislik amaliyoti asosida boshqariladigan SEECPga Turkiya 1998 - 1999, 2009 - 2010 va 2020 - 2021 yillarda raislik qilgan.
Ruminiya 2026 - yilning 1 - iyuldan boshlab SEECPning navbatdagi raisi bo‘ladi.



















