Isroil armiyasi matbuot kotibi Ella Vaveya AQShning X kompaniyasiga qarashli ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Isroil kuchlari ichki razvedka xizmati Shin Bet (Shabak) bilan birgalikda G‘azoning markaziy qismida yangi hujum boshlaganini bildirdi. Hujum oqibatida tinch aholi yana o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi.
Vaveyaning ta’kidlashicha, hujum Isroil armiyasiga bevosita tahdid solayotgani aytilgan tunnelni yo‘q qilish maqsadida amalga oshirilgan. Uning aytishicha, armiya hujumdan oldin hududdagi yo‘llardan birini yopgan.
Vaveya Isroil armiyasi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga muvofiq joylashganini da’vo qildi. U «bevosita tahdidlarni bartaraf etish» vajidan hududdagi hujumlar davom etishini bildirdi.
Isroil G‘azoga quruqlikdan hujum qilib, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzmoqda
Isroil Mudofaa vazirligiga qarashli Ishg‘ol ostidagi hududlarda hukumat faoliyatini muvofiqlashtirish idorasi (COGAT) Nusayrat qochqinlar lagerining shimoli-sharqida, «Sariq chiziq» yaqinidagi 660, 661 va 666-raqamli hududlarda hujum boshlanganini ma’lum qilgan edi.
«Sariq chiziq» — AQShning G‘azodagi urushni tugatishga qaratilgan va 2025-yil oktabrida kuchga kirgan rejasining birinchi bosqichida Isroil armiyasi chekinishi kerak bo‘lgan ajratuvchi chiziq.
Isroil kelishuv bo‘yicha majburiyatlarini bajarmay, ishg‘ol hududini kengaytirmoqda. U 365 kvadrat kilometr maydonga ega G‘azo sektorining qariyb 70 foizini nazorat qilishda davom etmoqda.
Falastin tomoni Isroil kelishuv shartlariga rioya qilmayotganini, «Sariq chiziq»ni G‘azoning ichkarisiga surib borish orqali ishg‘ol hududini kengaytirayotganini va atrofdagi tinch aholiga hujumlarni davom ettirayotganini bildirmoqda.























