Rossiyaning Arktika hududidagi Xatanga qo‘ltig‘iga 200 tonnaga yaqin dizel yoqilg‘isi to‘kildi.
Bu favqulodda hodisa olisda joylashgan Syndassko aholi punktidagi elektr stansiyasiga yoqilg‘i yetkazib beruvchi saqlash tanki kuchli bo‘ron oqibatida shikastlangani sababli yuz berdi.
Mahalliy hokimiyat organlari chorshanba kuni Taymir Dolgan-Nenes munitsipal tumanida favqulodda vaziyat e’lon qilinganini bildirdi. Mintaqaviy huquq-tartibot idoralari esa ekologiya qoidalarini buzish alomatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Dastlabki ma’lumotlarda to‘kilgan yoqilg‘i hajmi 170 tonna atrofida deya ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, keyinchalik huquqni muhofaza qilish organlari uni 200 tonnaga yaqin deb baholadi. Favqulodda vaziyatlar xizmatlari esa bu ko‘rsatkichni taxminan 200 kub metrni tashkil etishini, aniq miqdor hali o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Taymir munitsipaliteti rahbari Aleksey Chlenovning so‘zlariga ko‘ra, hozircha atrof-muhitga jiddiy zarar yetgani haqida aniq belgilar topilmagan. Nazorat va ekspert tashkilotlari mutaxassislari tahlil uchun namuna olishga jo‘natilgan bo‘lib, laboratoriya natijalari chiqqach, qo‘shimcha xulosalar beriladi.
Mazkur holat Syndassko aholi punktining elektr ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmagani ta’kidlandi. Zaxira omborlardagi yoqilg‘i qishloqni yana 10 kunga yetarli energiya bilan ta’minlay oladi.
Shuningdek, yaqin orada Xatangadan qo‘shimcha yoqilg‘i zaxiralari yetib kelishi kutilmoqda.




















