DUNYO
2 daqiqa o'qish
Isroil 5 yoshli Hind Rajabni o'ldirganini tan oldi
Isroil ikki yildan buyon bu qotillikka aloqadorligini rad etib kelayotgandi.
Isroil 5 yoshli Hind Rajabni o'ldirganini tan oldi
Isroil nihoyat Hind Rajabni o‘ldirganini tan oldi. /Foto: Reuters

Isroil kuchlari G'azoda besh yoshli Hind Rajabning o'ldirilishida o'zining ishtiroki borligini ilk bor tan olib, ilgari bildirilgan inkoralarni bekor qildi va ushbu fojia yuzasidan jinoyat ishi ochilishini ma'lum qildi.

Chorshanba kuni Isroil tomoni 2024-yil 29-yanvarda Rajabning hamda 2025-yil mart oyida 15 nafar tez tibbiy yordam va yordam ko'rsatish xodimining o'limi bo'yicha ichki jinoyat ishlari tergovini boshlashini e'lon qildi.

Avvalroq Isroil mazkur qotilliklarda aloqasi yo'qligini qat'iy inkor etib, bir necha oy o'tib o'tkazilgan dastlabki tekshiruv uning harbiylari "mashina yaqinida yoki o'q otish masofasida bo'lmaganini" aniqlaganini da'vo qilgan edi.

Beshafqat o'qqa tutilgan avtomobilda bo'lgan Hind Rajab shimoliy G'azoda Isroil o'q otish zonasida qolgan yetti nafar oila a'zosidan biri edi. U dastlabki hujumdan omon qolib, soatlab telefon orqali Falastin Qizil Yarim oy jamiyatiga murojaat qilgan va uning xodimlaridan o'zini qutqarishni yig'lab iltimos qilgan. Biroq uni qutqarish uchun yuborilgan tez tibbiy yordam mashinasi ham o'qqa tutilgan.

Qizil Yarim oy jamiyatiga qilingan so'nggi umidsiz qo'ng'iroqdan keyin uning jasadi 12 kundan so'ng o'q izlari bilan to'la avtomobildan topildi. Rajabning tez yordam xodimlari bilan oxirgi marta muloqot qilgan audioyozuvlari xalqaro miqyosda kuchli g'azabga sabab bo'ldi hamda uning va G'azoda halok bo'lgan minglab bolalarning o'limi uchun adolat talablarini yanada kuchaytirdi. Mazkur voqeaga asoslangan "Hind Rajabning ovozi" nomli film 2026-yilda Oskar mukofotiga nomzod qilib ko'rsatildi.

Isroil harbiylari o'z bayonotida shunday dedi: "Topilmalar ko'rib chiqilgach va Falastin Qizil Yarim oy tez yordam mashinasining harakatini muvofiqlashtirishda ehtimoliy xatoliklarga yo'l qo'yilgani aniqlangach, mazkur voqealar yuzasidan Harbiy politsiyaning jinoyat-tergov bo'limi tomonidan rasman jinoiy ish ochilishiga qaror qilindi".

Ma'lumot uchun, Isroil 2023-yil oktabridan beri G'azoda harbiy harakatlarni davom ettirmoqda. Ushbu davr mobaynida 73 mingdan ortiq falastinlik halok bo'ldi, 174 mingdan ziyodi yaralandi; ularning aksariyatini ayollar va bolalar tashkil qiladi.

Vositachilar 2025-yil 10-oktabrda kuchga kirgan o't ochishni to'xtatish kelishuvini amalga oshirish borasidagi sa'y-harakatlarini davom ettirmoqda. Biroq Isroilning kelishuvni buzishi oqibatida shu kungacha 1,266 nafar falastinlik halok bo'ldi, 4,200 nafari esa jarohatlandi.