Trakya Bolqon turklari madaniyat va birdamlik uyushmasi raisi Jevat Gunesh Bolgariyada 25-oktabr kuni o‘tkaziladigan prezident va vitse-prezident saylovlari munosabati bilan Turkiyada yashovchi ikki fuqarolikka ega shaxslarni ovoz berishga chaqirdi.
Jevat Gunesh jurnalistlarga bergan bayonotida Turkiyada yashovchi ikki fuqarolikka ega shaxslar saylovlarda faol ishtirok etishini kutayotganini aytdi.
Bolgariyada prezident saylovi sakkizinchi marta o‘tkazilishini eslatgan Gunesh, saylovlarning 1-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan ikkinchi bosqichga qolish ehtimoli yuqori ekanini bildirdi.
Turkiyada yashovchi Bolgariya fuqarolari uchun 18 ta viloyatda 78 ta saylov uchastkasi tashkil etilishini aytgan Gunesh shunday dedi:
“Ushbu 18 ta viloyat orasida Istanbul, Bursa, Izmir va Tekirdag‘ alohida ajralib turadi. Edirneda Bolgariya Bosh konsulxonasida bitta saylov uchastkasi tashkil etiladi. Ertalab soat 7:00 da boshlanib, kechki soat 20:00 da yakunlanadigan ovoz berish jarayoni, saylovchilar ko‘p bo‘lgan taqdirda, soat 21:00 gacha davom etadi”.
“Demokratik huquqlaridan foydalanishga qaratilgan chaqirig‘imizni takrorlaymiz”
Gunesh ikki fuqarolikka ega shaxslar Bolgariya shaxsiy guvohnomasi va pasportlari bilan ovoz berishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bolgariyadagi saylovlar Turkiyada yashovchi ikki fuqarolikka ega shaxslar uchun muhim ekanini ta’kidlagan Gunesh quyidagilarni aytdi:
“Biz uyushma sifatida qondoshlarimizni saylovlarda faol qatnashib, demokratik huquqlaridan foydalanishga yana bir bor chaqiramiz. Saylovlarda ishtirok etish va ovoz berish fuqarolik huquqimizdir. Uyushma sifatida Bolgariyadagi siyosiy partiya va tuzilmalar Turkiyada yashovchi Bolgariya fuqarolari ham teng huquqli fuqarolar ekanini anglab yetishini istaymiz”.























