Turkiya Prezidenti Erdo’g‘an chorshanba kuni Turkiyaning Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga a’zo bo‘lish sa’y-harakatlari G‘arbga yuz o‘girishni anglatmasligini ma’lum qildi.
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT davlat rahbarlari sammitidan qaytayotganda prezident samolyotida jurnalistlar bilan muloqot qilgan Erdo’g‘an Anqara keng qamrovli tashqi siyosat olib borayotganini ta’kidladi.
“Maqsadimiz — 360 darajali nuqtai nazar bilan o‘z ta’sir doiramizni kengaytirishdir”, — dedi Erdo’g‘an.
Rossiya-Ukraina urushi haqida to‘xtalar ekan, Erdo’g‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham, o‘zi ham ziddiyat iloji boricha tezroq tinchlik bilan yakunlanishini istashini bildirdi.
U, shuningdek, Qora dengizda fuqarolik dengiz tashuvlarini himoya qilish zarurligini ta’kidlab, urush tinch aholi xavfsizligi va savdo faoliyatiga tahdid soladigan darajaga yetmasligi kerakligini qayd etdi.
Erdo’g‘an, ayniqsa, Afrikada don inqirozi qayta bosh ko‘tarayotganiga e’tibor qaratdi va muammo yanada og‘irlashmasdan oldin yangi tashabbus yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘lishini aytdi.
F-35 dasturi va KAAN qiruvchi samolyoti
Mudofaa masalalariga o‘tar ekan, Erdo’g‘an Turkiyaning F-35 qiruvchi samolyotlari dasturiga qayta qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.
“Biz Turkiyaning dasturga qaytishi bo‘yicha muzokaralarni davom ettiryapmiz. AQShdagi tegishli jarayonlar yakunlangach, bu masala ortda qoladi”, — dedi u.
Shu bilan birga, Erdo’g‘an Turkiya o‘z mudofaa salohiyatini rivojlantirishda davom etishini qat’iy ta’kidladi.
“Biz KAAN loyihasidan yoki o‘z havo mudofaa tizimlarimizni rivojlantirishdan voz kechmaymiz. Turkiyaning imkoniyatlarini kengaytiryapmiz. Bu — kuchli Turkiyaning yo‘l xaritasidir”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Makka mudofaa alyansi
Makka mudofaa alyansi haqida gapirganda, Erdo’g‘an ushbu bitim mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tuzilganini qayd etdi.
“Biz birodarlarimiz bilan bir qatorda davom etib, yanada kuchayib boramiz”, — dedi prezident.
Gretsiya va qurolsizlantirilgan orollar
Erdo’g‘an Gretsiyani “noto‘g‘ri yo‘l”dan qaytishga hamda demilitarizatsiya (qurolsizlantirilgan) maqomiga ega orollarni qurollantirishni to‘xtatishga chaqirdi.
“Tarix — undan saboq oladiganlar uchun juda yaxshi yo‘riqnomadir. Gretsiya endi shuni tushunishi kerak: Turkiyaning hech kimning hududiga nisbatan da’vosi yo‘q, biroq u o‘z huquqlarining buzilishiga ham aslo yo‘l qo‘ymaydi”, — dedi Erdo’g‘an.
“Terrorizmdan xoli Turkiya” jarayoni
Erdo’g‘an “Terrorizmdan xoli Turkiya” tashabbusi xususida gapirar ekan, Anqara bu jarayonni shunchaki ma’lum bir muddatga amal qilish emas, balki aniq maqsadlarga erishish sifatida ko‘rishini aytdi.
“Albatta, davlat sifatida bizda aniq yo‘l xaritasi, reja va jadval mavjud”, — dedi u.
Jarayon bilan bog‘liq huquqiy asoslarga ishora qilib, Erdo’g‘an uning to‘liq amalga oshirilishi uchun PKK terror tashkiloti qurollarini tashlashi va tashkilot sifatida tugatilishi shartligini bildirdi.
“Aniqlash va tekshiruvlar qanday amalga oshirilishi aniq belgilangan. Jarayon qadam-baqadam oldinga siljimoqda”, — dedi prezident.
Erdo’g‘an Turkiya milliy birodarlik hissini zaiflashtiruvchi yoki o‘tmishda terrorizm oqibatida yuzaga kelgan keskinliklarni qayta jonlantirish xavfini tug‘diruvchi yondashuvlarga ruxsat bermasligini ta’kidladi.
“Biz ichki frontni mustahkamlaymiz. Farqlarimizga qaramay, Turkiyaning umumiy qadriyatlari atrofida birlashamiz. Buni 'Buyuk Turkiya Konsensusi' deb ataymiz. Biz nima qilayotganimizni aniq bilgan holda oldinga qarab intilmoqdamiz”, — dedi u.
Suriya va YPG yetakchiligidagi SDFning tarqatib yuborilishi
Suriya masalasida Erdo’g‘an Turkiya qo‘shni mamlakatni uning barcha tarkibiy qismlari bilan birga yaxlit saqlab qolish tarafdori ekanini, bunday birlik barqaror rivojlanish va salohiyatni oshirish uchun g‘oyat muhimligini ta’kidladi.
YPG yetakchiligidagi SDF terrorchi guruhining tarqatib yuborilishi masalasiga to‘xtalar ekan, Erdo’g‘an bunday qadam butun mintaqa uchun yangi davr eshiklarini ochishini aytdi.
“Endi terrorizm sahifasini yopish kerak. Qurol va zo‘ravonlik davri yakuniga yetishi lozim”, — deya xulosa qildi Erdo’g‘an.




























