DUNYO
2 daqiqa o'qish
Malayziya Trampning tinchlik tashabbusini olqishladi
AQSh Prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Malayziyadan Yaponiyaga — Osiyoning uch mamlakatini qamrab olgan safari doirasidagi ikkinchi manziliga — jo‘nab ketdi. U Kuala-Lumpurda muhim savdo va strategik minerallar bo‘yicha kelishuvlarni imzolagach,
Malayziya Trampning tinchlik tashabbusini olqishladi
Malaysia’s Anwar conveys 'deep appreciation' to Trump for his role in Cambodia-Thailand peace accord, Gaza plan / Reuters
27 октябр 2025

Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim dushanba kuni Trampga Kambodja–Tailand tinchlik kelishuvi va G‘azo bo‘yicha “adolatli va barqaror tinchlik” rejasini ilgari surishdagi sa’y-harakatlari uchun “chuqur minnatdorchilik” bildirganini ma’lum qildi.

Anvar Facebook’dagi yozuvida Tramp Tokyoga jo‘nab ketishidan oldin bo‘lib o‘tgan qisqa uchrashuv ikki tomonlama muzokaralarda ilgari erishilgan natijalarni — savdo, texnologiya va mintaqaviy xavfsizlik sohalaridagi strategik hamkorlikni — muhokama qilish imkonini berganini qayd etdi.

Tramp o‘zining Truth Social sahifasida shunday yozdi:

“Malayziyani tark etyapman — bu ajoyib, jonli mamlakat. Yirik savdo va noyob yer minerallari bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Eng muhimi, Tailand va Kambodja o‘rtasidagi tinchlik shartnomasi imzolandi.”

Tramp Malayziyaga 47-Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) sammitida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan edi. U yerda Tailand va Kambodja o‘rtasidagi yillar davom etgan chegara mojarolariga barham bergan Kuala-Lumpur Tinchlik Bitimi (KL Peace Accord) imzolanishiga guvoh bo‘ldi.

“Urush yo‘q! Millionlab hayotlar saqlab qolindi. Buni amalga oshirish — katta sharaf,” — dedi Tramp va “Endi Yaponiyaga yo‘l oldim,” deya so‘zini yakunladi.

Trampning Yaponiyadagi dasturi dushanba kuni Imperator Naruhito bilan uchrashuv va hurmat marosimi bilan boshlanadi. Seshanba kuni esa yangi saylangan Bosh vazir Sanae Takaichi bilan kengaytirilgan ikki tomonlama muzokara o‘tkaziladi.

Takaichi o‘tgan hafta parlamentning ikkala palatasida ko‘pchilik ovoz bilan saylangan edi. Tramp, shuningdek, Yokusukadagi USS George Washington kemasida AQSh harbiylari bilan uchrashib nutq so‘zlaydi, shuningdek Tokioda biznes yetakchilari bilan ziyofat va kechki ovqatda ishtirok etadi.

Yaponiya AQSh bilan mudofaa ittifoqi doirasida 50 mingdan ortiq amerikalik askarni, shuningdek bir nechta harbiy bazalar va qurollarni joylashtirgan.

Trampning tashrifi davomida kemasozlik, sun’iy intellekt va ilg‘or aloqa texnologiyalari sohalarida yangi kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda, deb xabar berdi Kyodo axborot agentligi.

Safarning navbatdagi manzili — Janubiy Koreya, u yerda Tramp Osiyo–Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik (APEC) sammitida ishtirok etadi va Xitoy Prezidenti Si Szinpin bilan uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan.