Turkiya Respublikasi Prezidenti rafiqasi Emine Erdo‘g‘an Antaliya Diplomatiya Forumi (ADF) 2026 doirasida tashkil etilgan «Falastin uchun bir yurak» mavzusidagi yuqori darajadali panelda ishtirok etdi.
Shanba kuni (18.04.2026) o‘tkazilgan panel Falastin xalqiga birdamlik bildirish maqsadida siyosiy arboblar va xalqaro tashkilotlar vakillarini bir joyga jamladi. Ishtirokchilarning nutqlari bilan bir qatorda, Exeter universiteti nomidan isroillik tarixchi Ilan Pappening videomurojaati ham namoyish etildi.
Tadbir oilaviy suratga olish bilan yakunlandi, so‘ng Emine Erdo‘g‘an va mehmonlar shu mavzuda tashkil etilgan ko‘rgazmani tomosha qildilar.
Mavzu haqida ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali bayonot bergan Emine Erdo‘g‘an dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yetakchilarning turmush o‘rtoqlari, vazirlar va xalqaro vakillar bilan birgalikda “umumiy vijdon” atrofida jam bo‘lganliklarini ta’kidladi. U Falastinga ko‘rsatilgan qo‘llab - quvvatlash uchun ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirgan holda ushbu birdamlik “barqaror va mazmunli natijalar” berishini tiladi.
Global noaniqliklarni boshqarish
Tadbir forum doirasida o‘tkazilib, unda Turkiya Oila va ijtimoiy xizmatlar vaziri Mahinur O‘zdemir Go‘ktash hamda Atrof - muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum kabi muhim ishtirokchilar qatnashdi.
Shuningdek, Ozarbayjon Prezidenti birinchi vitse - prezidenti Mehribon Aliyeva bilan birga Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Serbiya hamda Bosniya va Gersegovina kabi mamlakatlardan yuqori darajadagi siyosiy yetakchilarning turmush o‘rtoqlari ham tadbirda ishtirok etdilar.
Xalqaro ishtirokchilar orasida Falastinning Anqaradagi elchisi Nasri Abu Jaish hamda BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha maxsus vakili Najat Maalla M’jid bor edi. Shuningdek, Xorvatiyaning sobiq prezidenti Kolinda Grabar - Kitarovich, Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Ro‘za O‘tunbayeva va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning qizi Leyla Aliyeva ham tadbirda qatnashdi.
Dunyo yetakchilari va yuqori darajadagi hukumat vakillari bu yil global noaniqliklarni boshqarishga qaratilgan ushbu muhim xalqaro uchrashuv uchun yakshanba kunigacha Turkiyada bo‘ladi. Prezident Erdo‘g‘an homiyligida va Tashqi ishlar vazirligi mezbonligida uyushtirilgan forum «Ertangi kunni xaritalash, noaniqliklarni boshqarish» mavzusi asosida tashkil etildi.













