Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda vertolyot qulashi oqibatida bortdagi 14 kishining barchasi halok bo‘ldi.
Saudiya Arabistoni davlat axborot agentligi (SPA) xabariga ko‘ra, neft giganti «Aramco» kompaniyasiga tegishli vertolyot yakshanba kuni mamlakatning sharqiy qirg‘og‘ida, Hormuz bo‘g‘ozining g‘arbiy qismida joylashgan Ras-Tanura shahri yaqinida qulab tushgan.
SPA rasmiy bayonotida: «Vertolyot halokati sabablarini aniqlash maqsadida tegishli idoralar ishtirokida tergov ishlari olib borilmoqda», deb ta’kidlandi. Hozircha hodisaning kelib chiqish sabablari noma’lumligicha qolmoqda.
Ma’lumot uchun, «Aramco» kompaniyasi juma kuni Ras-Tanura terminalida xom neft yuklash ishlarini deyarli to‘rt oylik tanaffusdan so‘ng qayta boshlagan edi. Ras-Tanura Saudiya Arabistonining Sharqiy ko‘rfaz qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, mamlakatning asosiy neftni qayta ishlash va eksport markazlaridan biri hisoblanadi.
Dunyoning eng yirik neft eksportchisi bo‘lgan Saudiya Arabistoni Yaqin Sharqdagi ishlab chiqaruvchilar neft va gaz qazib olish hamda eksport hajmini oshirayotgan bir pallada, AQSH va Eron o‘rtasidagi ehtimoliy vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi oldidan yuklarni jo‘natish jarayonini jadallashtirgan edi.









