TURKIYA
8 daqiqa o'qish
Turkiya va Qatar Istanbuldagi uchrashuvda tarixiy mudofaa bitimini imzoladi
Turkiya va Qatar Prezident Erdo‘g‘an bilan Qatar amiri Ol Soniy o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng savdo, ta’lim va diplomatiya sohalarini qamrab olgan yana to‘rtta hujjatni imzoladi.
Turkiya va Qatar Istanbuldagi uchrashuvda tarixiy mudofaa bitimini imzoladi
Türkiye, Qatar sign 5 agreements following Erdogan-Al Thani talks in Istanbul.

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning Prezidentning Dolmabog‘cha qarorgohida yakkama-yakka va delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralaridan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi bitimlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezident Erdo‘g‘an va Qatar amiri Ol Soniy huzurida Turkiya–Qatar Oliy strategik qo‘mitasining 12-yig‘ilishi doirasida beshta hujjat imzolandi.

Turkiya Respublikasi hukumati bilan Qatar Davlati hukumati o‘rtasidagi «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bozor nazorati va tekshiruvi sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi»ni Turkiya savdo vaziri O‘mer Bolat hamda Qatar savdo va sanoat vaziri Shayx Faysal bin Soniy bin Faysal Ol Soniy imzoladi.

Ikki mamlakat hukumati o‘rtasidagi «Ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim»ni Turkiya milliy ta’lim vaziri Yusuf Tekin va Qatar davlat vaziri doktor Muhammad bin Abdulaziz al-Xulayfiy imzoladi.

Turkiya va Qatar tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi «Tinchlik, yarashuv va nizolarni hal etish masalalarida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi»ga Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan hamda Qatar bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy imzo chekdi.

Turkiya Respublikasi bilan Qatar Davlati o‘rtasidagi «Oliy strategik qo‘mitaning o‘n ikkinchi yig‘ilishi qo‘shma bayonoti»ni ham Hakan Fidan va Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy imzoladi.

«Turkiya Respublikasi bilan Qatar Davlati o‘rtasida o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi bitim»ni esa Prezident Erdo‘g‘an va Qatar amiri Ol Soniy imzoladi.

Oliy strategik qo‘mitaning qo‘shma bayonoti e’lon qilindi

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Turkiya–Qatar Oliy strategik qo‘mitasining 12-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotni e’lon qildi.

Bayonotda yig‘ilish Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy raisligida Istanbulda o‘tkazilgani bildirildi. Unda 2014-yil 19-dekabrdagi Oliy strategik qo‘mitani tashkil etish to‘g‘risidagi qo‘shma kelishuvda belgilangan hamkorlik yo‘nalishlari uchun mas’ul vazirlar qatnashdi.

Tomonlar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsadini yana bir bor tasdiqladi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va diversifikatsiya qilish uchun yangi imkoniyatlarni, shuningdek, Savdo va iqtisodiy sheriklik bitimining (TEPA) ushbu maqsadga erishishga qo‘shadigan hissasini o‘rganishga kelishildi.

Bayonotda tomonlar Qatarning Turkiyadagi sarmoyalari hamda turk pudratchi kompaniyalari Qatarda umumiy qiymati 20,8 milliard dollarlik 206 ta loyihani o‘z zimmasiga olganidan mamnun ekani qayd etildi. Shuningdek, iqtisodiy va savdo hamkorligini mustahkamlashga kelishilgani bildirildi.

Iqtisodiy va texnik hamkorlik komissiyasi Dohada yig‘iladi

Tomonlar savdo aloqalarini rivojlantirishda Turkiya–Qatar Qo‘shma iqtisodiy va savdo qo‘mitasining (JETCO) ahamiyatini ta’kidlab, uning ikkinchi yig‘ilishini Dohada o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, Turkiya–Qatar Iqtisodiy va texnik hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiyasining 7-yig‘ilishini imkon qadar tezroq Dohada o‘tkazishga kelishildi.

Bayonotda 2018-yilda imzolangan va 2025-yil 1-avgustda kuchga kirgan Savdo va iqtisodiy sheriklik bitimi savdo almashinuvini rivojlantirish, tovarlar va xizmatlar harakatini yengillashtirish hamda o‘zaro sarmoyalarni rag‘batlantirish uchun keng qamrovli asos yaratishi ta’kidlandi.

Mazkur bitim ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi bildirildi.

Mudofaa sohasidagi hamkorlik

Bayonotda ikki tomon umumiy xavfsizlik bilan bog‘liq tashvishlarni strategik ustuvor masala sifatida ko‘rib chiqish va mudofaa sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qat’iy intilishini bildirgani qayd etildi.

Tomonlar birgalikdagi mudofaani kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda tashqi qurolli hujumga qarshi umumiy pozitsiyani mustahkamlash maqsadida «Turkiya bilan Qatar o‘rtasida o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi bitim» imzolanganini olqishladi.

Bayonotda shunday deyiladi:

«Ikki tomon mazkur bitim nafaqat uni imzolagan davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish majburiyatini, balki yanada xavfsiz va barqaror mintaqaviy tartibni shakllantirishga hissa qo‘shish borasidagi umumiy qarashlarini ham aks ettirishini tasdiqladi.

Shu munosabat bilan tomonlar o‘z xavfsizligiga tahdidlar, mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari hamda mudofaa siyosati yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishdi. Shuningdek, qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar, mudofaa sanoatidagi hamkorlik va harbiy xizmatchilarni tayyorlash bo‘yicha almashinuvlar orqali hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi».

Bayonotda Turkiya, Qatar, Pokiston va Indoneziya imzolagan Badr kelishuvi mahalliy salohiyatni rivojlantirish orqali mudofaa ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan birgalikdagi imkoniyatlarni oshirish yo‘lida muhim qadam sifatida olqishlangani qayd etildi.

Tomonlar mazkur kelishuv qo‘shma ishlab chiqarish, texnologiyalarni rivojlantirish, bilim va tajriba almashish, shuningdek, mudofaa sanoati infratuzilmasi hamda ta’minot zanjirlarini mustahkamlash sohalarida yanada yaqin hamkorlik uchun zamin yaratishini bildirdi.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik yuzasidan esa ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan bitimlarga murojaat qilinib, texnik yordam va ta’limni ham qamrab oladigan qisqa hamda uzoq muddatli dasturlarga to‘xtalib o‘tildi.

G‘azoga insonparvarlik yordamini muvofiqlashtirishga kelishildi

Bayonotda tomonlar hibsga olingan barcha insonparvarlik yordami xodimlari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti xodimlarini darhol hamda hech qanday shartsiz ozod etishni talab qilgani ta’kidlandi.

Bu borada quyidagilar qayd etildi:

«Ikki tomon G‘azoning dastlabki tiklanishi va qayta qurilishiga ko‘makni, shuningdek, G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazish ishlarini muvofiqlashtirishga kelishdi.

Tomonlar G‘azoga insonparvarlik yordamini to‘liq, xavfsiz va to‘siqlarsiz yetkazish imkonini ta’minlashga chaqirdi. Shuningdek, G‘azoda boshpana imkoniyatlarini kengaytirish va insonparvarlik yordamini ko‘paytirish uchun yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Qish mavsumining dastlabki to‘satdan yuz bergan suv toshqinlari G‘azodagi falastinliklarga zarar yetkazib, shundoq ham nihoyatda og‘ir turmush sharoitlarini yanada yomonlashtirgani va tobora chidab bo‘lmas holga keltirayotgani sababli har ikki tomon shoshilinch choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlaydi».

Bayonotda atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi sohasidagi hamkorlik doirasida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 31-konferensiyasi (COP31), Barqaror rivojlanish bo‘yicha 2030-yilgacha bo‘lgan kun tartibi va «Chiqindisiz hayot» tashabbusiga to‘xtalib o‘tildi.

Tomonlar oila va ijtimoiy xizmatlar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga sodiqligini ham yana bir bor tasdiqladi.

Isroil barcha majburiyatlariga to‘liq rioya qilishga chaqirildi

Bayonotda tomonlar Isroilni o‘t ochishni to‘xtatish bitimi va xalqaro huquq doirasidagi barcha majburiyatlariga to‘liq rioya qilishga chaqirgani bildirildi. Tinch aholini himoya qilish va insonparvarlik yordamidan to‘siqlarsiz foydalanish imkonini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Tomonlar Isroilning Sharqiy Quddusni ham o‘z ichiga olgan G‘arbiy Sohildagi noqonuniy aholi punktlarini barpo etish faoliyatini, ko‘chmanchilar zo‘ravonligi va terrorchilik harakatlarini, yerlarni musodara qilish hamda aholini majburan ko‘chirish amaliyotlarini keskin qoraladi.

Shuningdek, bosib olingan Falastin hududlarining huquqiy, geografik va demografik maqomini o‘zgartirishga qaratilgan barcha choralarni rad etdi.

Bayonotda shunday deyiladi:

«Tomonlar Hoshimiylarning tarixiy homiyligining alohida rolini tan olgan holda, bosib olingan Quddusdagi Masjidul Aqso hamda boshqa islomiy va nasroniy muqaddas qadamjolarning tarixiy va huquqiy maqomini o‘zgartirishga qaratilgan har qanday urinishni qat’iyan rad etishini yana bir bor bildirdi.

Tomonlar isroillik ekstremist ko‘chmanchilar va rasmiylarning Isroil kuchlari himoyasi ostida Masjidul Aqsoga davom etayotgan tajovuzlarini qoraladi. Masjidul Aqsoning 144 dunamlik hududi to‘laligicha faqat musulmonlarga tegishli ibodat maskani ekani hamda Quddus vaqflari va Masjidul Aqso ishlari boshqarmasi ushbu hududni boshqarishga vakolatli idora ekanini yana bir bor tasdiqladi».

Ikki mamlakatning Falastin va G‘azo bo‘yicha bayonotlari, pozitsiyalari hamda Isroilga nisbatan qoralovlari eslatilgan qo‘shma bayonotda Suriya masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Tomonlar Suriyaning nihoyatda murakkab sharoitlarda barqarorlikni tiklash, davlat institutlarini mustahkamlash hamda suriyaliklar boshchiligida va ularning o‘z ixtiyoriga asoslangan inklyuziv siyosiy jarayonni ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

Xalqaro hamjamiyat Isroilning Suriya suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzishga qaratilgan davomli harakatlarini to‘xtatish, 1974-yilgi Kuchlarni ajratish to‘g‘risidagi bitimga rioya etilishini ta’minlash hamda Isroil qo‘shinlarini xalqaro huquqqa zid ravishda bosib olingan Suriya hududlaridan olib chiqishga erishish uchun qat’iy pozitsiya namoyon etishi zarurligi ta’kidlandi.

Tomonlar ushbu maqsadlarga erishishga qaratilgan diplomatik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash majburiyatini yana bir bor tasdiqladi.

Bayonotda AQSH bilan Eron o‘rtasidagi nizo va uning mintaqaga keng ko‘lamli ta’siri bilan bog‘liq masalalar muloqot hamda diplomatiya yo‘li bilan hal etilishi zarurligi ta’kidlandi.

Mintaqadagi barcha mamlakatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat ko‘rsatish, tinch aholi hamda fuqarolik infratuzilmasini himoya qilish zarurligi yana bir bor tasdiqlandi.

Tomonlar, shuningdek, qonuniy dengiz qatnoviga xalaqit beruvchi har qanday chora yoki cheklovni rad etdi. Hormuz bo‘g‘ozidan xavfsiz va to‘siqlarsiz o‘tishni tez fursatda to‘liq tiklashga chaqirdi.

Bayonotda tomonlarning Isroilning Livan suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzuvchi harakatlarini qoralagani eslatilib, Livan davlati, hukumati va xalqi bilan to‘liq birdamlik bildirildi.

Yamanning birligi va suverenitetini saqlashga chaqiriq

Bayonotda tomonlar Yamanning birligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash hamda xalqaro miqyosda tan olingan hukumatini qo‘llab-quvvatlash hayotiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Bu borada shunday deyiladi:

«Tomonlar, shuningdek, husiy qurolli guruhlarining Saudiya Arabistonidagi tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasini nishonga olgan hujumlarini, shuningdek, Qizil dengiz va Bobul Mandab bo‘g‘ozidagi savdo kemalariga hujumlarini qoraladi.

Tomonlar Yaman hukumati va Saudiya Arabistoni bilan birdamligini yana bir bor bildirdi. Barqaror siyosiy yechimga erishish uchun BMT boshchiligida olib borilayotgan sa’y-harakatlar va boshqa diplomatik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.

Shuningdek, husiy qurolli guruhlarini hujumlarini darhol to‘xtatishga va siyosiy jarayonga yaxshi niyat bilan qaytishga chaqirdi».

Bayonotda tomonlar Sudanning birligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlagan holda mamlakatdagi inqirozni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan mavjud vositachilik sa’y-harakatlari hamda diplomatik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagani bildirildi.

Turkiya va Qatar Afrika shoxida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Somali hamda mintaqadagi boshqa barcha davlatlarning suvereniteti, birligi va hududiy yaxlitligiga hurmat ko‘rsatish, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlash zarurligi qayd etildi.

Tomonlar Kipr masalasining adolatli, uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro maqbul yechimiga erishish zarurligini ham ta’kidladi.

Bayonotda terrorizmga qarshi kurash yuzasidan quyidagi fikrlar bildirildi:

«Mintaqaviy xavfsizlik muammolari va ularning xavfsizlik hamda barqarorlikka tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xatarlarini anglagan holda, ikki tomon mintaqaviy xavfsizlik va umumiy barqarorlikni mustahkamlash uchun terrorizmning barcha shakl va ko‘rinishlariga qarshi kurashda yaqin hamkorlikni davom ettirish majburiyatini yana bir bor tasdiqladi.

Shuningdek, PKK/PYD/YPG, DEASh va FETO bilan aloqador tuzilmalarni ham qamrab olgan barcha terrorchilik tashkilotlariga qarshi kurashishga sodiqligini bildirdi».

Turkiya–Qatar Oliy strategik qo‘mitasining 13-yig‘ilishini diplomatik kanallar orqali belgilanadigan sanada, 2027-yilgacha Qatarda o‘tkazishga kelishilgani ma’lum qilindi.