Tojikistonga joriy yilning yanvar - iyun oylarida 889,4 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi
Tojikiston Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Jamshid Jumaxonzoda poytaxt Dushanbeda uyushtirilgan matbuot anjumanida mamlakatga kelgan xorijiy sayyohlar soni haqida ma'lumot berdi.
Jumaxonzodaning aytishicha, joriy yilning birinchi yarmida Tojikistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 127,1 ming nafarga ko‘paygan. Bu esa 16,7 foizlik o‘sishni anglatadi.
Uning ta'kidlashicha, turizm mavsumi endigina boshlangan bo‘lib, oktabr oyi oxirigacha davom etadi. Shu sababli yilning ikkinchi yarmida xorijiy mehmonlar soni yanada ortishi kutilmoqda.
Jumaxonzoda ma'lum qilishicha, yilning dastlabki olti oyida mamlakatga 889,4 ming nafar xorijiy sayyoh kelgan. Shundan 806,9 ming nafari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlaridan; 82,5 ming nafari esa boshqa davlatlardan tashrif buyurgan.
Bu davrda Tojikistonga eng ko‘p sayyoh yuborgan davlat O‘zbekiston bo‘lib, mamlakatdan 510,4 ming nafar sayyoh kelgan. Keyingi o‘rinlarni Rossiya (175,8 ming), Qirg‘iziston (89 ming), Qozog‘iston (23,1 ming) va Xitoy (22,7 ming) egallagan.
Jumaxonzoda yil oxirigacha Tojikistonga xorijiy sayyohlarni jalb qilayotgan turizm kompaniyalarini turli rag‘batlantirish choralari bilan qo‘llab - quvvatlash rejalashtirilayotganini ham ma'lum qildi.
Hududining 90 foizdan ortig‘i tog‘li hududlardan iborat bo‘lgan Tojikistonda turizm daromadlarining katta qismi tog‘ va tabiat turizmi hisobiga shakllanadi. Piyoda sayohatlar, alpinizm va ekoturizm yo‘nalishlari bilan mashhur mamlakatdagi Pomir va Fan tog‘lari eng ko‘p sayyoh tashrif buyuradigan maskanlar qatoriga kiradi.
Tojikiston rasmiylari turizm sohasini qo‘llab - quvvatlash bo‘yicha rag‘batlantirish choralari amalga oshirilgudek bo‘lsa va mavsum kutilganidek o‘tsa, 2026 - yil yakuniga qadar mamlakatga 2 million nafardan ortiq xorijiy sayyoh kelishi mumkinligini qayd etmoqda.
Ma'lumot uchun, 2025 - yilda Tojikistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni avvalgi yilga nisbatan 27,5 foizga oshib, 1 million 783,9 ming nafarga yetgan edi.





















