Guruh bu harakatlar Yaqin Sharqda kuchayib borayotgan mintaqaviy mojarolar bilan bevosita bog‘liq ekanini ma’lum qildi.
Yamandagi Husiylar mintaqadagi keskinlik ortidan Qizil dengizda Isroilga tegishli dengiz qatnoviga nisbatan “to‘liq va mukammal taqiq” joriy etilishini e’lon qildi.
Dushanba kuni bayonot bergan guruh Isroil bilan aloqador kemalar yana nishonga olinishi haqida ogohlantirdi.
Husiylar, shuningdek, Isroilning Yafa hududidagi “muhim” deb ta’riflagan nishonlarga raketa zarbalari berganini va bu hujumlar maqsadlariga “aniq yetib borganini” da’vo qildi.
“Keskinlikka keskinlik bilan javob beramiz”
Guruh bayonotida raketa hujumlari “Isroilning Eron, Falastin, Livan, Iroq va Yamandagi tajovuzkor harakatlariga javoban amalga oshirilgani” ta’kidlandi.
Shuningdek, maydondagi vaziyat rivojiga qarab harbiy amaliyotlar yanada kuchaytirilishi qayd etildi.
Bayonotda:
“Keskinlikka keskinlik bilan javob berishimizni yana bir bor tasdiqlaymiz”, deyilgani holda, operatsiyalar ko‘lami kengaytirilishi haqida signal berildi.
Isroil rasmiylari mazkur da’volar yuzasidan hozircha izoh bermadi.
Biroq Isroil OAVlarining xabar berishicha, kunning avvalida Yamandan uchirilgan raketa havo mudofaa tizimlari tomonidan tutib qolinganidan so‘ng Isroil havo hududi vaqtincha parvozlar uchun yopilgan.
Mintaqadagi keskinlik Isroilning yakshanba kuni Livan poytaxti Bayrut janubiga bergan zarbasidan so‘ng Eronning Isroil shimoliga qarata raketa hujumlarini boshlashi bilan yanada kuchaydi.
Shuningdek, Isroil Eronning g‘arbiy va markaziy hududlariga zarbalar bergani, Tehron, Isfahon va Tabriz kabi shaharlarda portlashlar eshitilgani haqida xabarlar tarqaldi.

















