Qozog‘iston Prezident administratsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Toqayev Mudofaa vazirligi rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilish mashg‘ulotda halok bo‘lgan 14 nafar askar xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlash bilan boshlandi. Toqayev fojiani ayrim harbiy rahbarlarning jiddiy e’tiborsizligi va o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagani oqibati deb baholadi.
U, xususan, mashg‘ulot vaqtida askarlar dengizda foydalaniladigan qutqaruv nimchalari bilan yetarli darajada ta’minlanmaganiga e’tibor qaratdi.
Prezident qaroriga muvofiq, Mudofaa vazirligidagi vaziyat keng ko‘lamda o‘rganila boshlaganini bildirgan Toqayev, tekshiruv harbiy xizmatni tashkil etish, armiyaning ta’minoti hamda moddiy va moliyaviy resurslardan foydalanishni qamrab olishini aytdi.
Toqayev armiyada keng qamrovli islohot o‘tkazish zarurligini ta’kidladi. U qo‘mondonlik tizimini xalqaro tajriba asosida qayta tashkil etish va armiyani raqamli o‘zgartirish jarayoniga o‘tkazish haqida topshiriq berdi.
Prezident imkon bor sohalarda inson mehnati o‘rniga texnologiyalardan foydalanish kerakligini aytib, armiyada «ko‘rgazma uchun» o‘tkaziladigan mashqlarga ehtiyoj yo‘qligini bildirdi.
Toqayev Xavfsizlik kengashi kotibiyati va Mudofaa vazirligiga 10 kun ichida Harbiy islohotlar rejasini tayyorlashni buyurdi.
Hodisa
24-sentabr kuni Qozog‘istonning Kaspiy dengizi sohilida o‘tkazilgan «Kaspiy qalqoni–2026» mashg‘uloti paytida askarlar qayiqdan dengizga tushayotganida 17 nafari suv oqimida olib ketilgan. Ulardan 14 nafari halok bo‘lgan, 3 nafari esa qutqarilgan.
Hodisadan so‘ng mamlakatda 25-sentabr milliy motam kuni deb e’lon qilingan, yuqori lavozimli 5 nafar harbiy xizmatchi qo‘lga olingan edi. Shuningdek, mudofaa vaziri lavozimidan ozod etilgan edi.




























