Xalqaro hamkorlar G’azoda doimiy tinchlikni ta’minlash va taranglikni kamaytirish ustida ishlayotgan bir paytda, Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan G’azo, Suriya va Ukraina bo‘yicha vositachilik sa’y-harakatlari davom etayotganini ta’kidladi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan shanba kuni bergan bayonotida,G’azodagi Xalqaro Barqarorlik Kuchlari (ISF) bilan bog‘liq muhokamalar davom etayotganini, muzokaralarning asosan kuchning vakolatlari va ishtirok qoidalariga qaratilayotganini aytdi.
Fidanning aytishicha, kuchni shakllantirish masalasida “katta savollar” bor: qaysi davlatlar bu kuchga qo‘shiladi, qo‘mondonlik tuzilmasi qanday bo‘ladi va “birinchi vazifasi” nima bo‘ladi — bu masalalar hali aniq emas.
Fidan: “Minglab tafsilotlar va savollar bor. ISF joylashtirilgach, jarayon bosqichma-bosqich shakllanadi, deb o‘ylayman,” dedi.
Tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, kuchning birinchi maqsadi — falastinliklar va isroilliklarni chegara chizig‘ida ajratish, to‘qnashuv xavfini kamaytirish bo‘lishi kerak.
Turkiya o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kafillaridan biri hisoblanadi, biroq Tel-Avivning Anqara bilan munosabatlari G’azodagi urush sabab tarang bo‘lgani uchun, isroil hukumati turk xavfsizlik kuchlarining ISF tarkibiga qo‘shilishiga qarshi chiqmoqda.
Fidan, “Ukrainada,G’azoda va Suriyada ishlarnı to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun harakatlar davom etmoqda,” deb aytib, AQSh prezidenti Donald Tramp qo‘llab-quvvatlayotgan vositachilik tashabbuslari “Turkiyaning maqsadlari va manfaatlariga katta darajada mos kelishini” qo‘shimcha qildi.
Doha Forum 2025’da so‘zga chiqqan Fidan, Turkiyaning suriyalik muhojirlarga boshpana berishdagi rolini eslatib, Suriya bo‘yicha xalqaro harakatlarning muvofiqlashtirilgan holda olib borilishi kerakligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, Turkiya Suriya fuqarolik urushi boshlanganda “ochiq eshik siyosati”ni qabul qilgan:
“Inqiroz boshida shunday siyosat yuritdik. Natijada ko‘plab suriyaliklar urushdan qochib bizning chegaralarimizga keldi. Bu siyosat oxir-oqibat insoniy maqsadlarga xizmat qildi,” dedi.
Isroilning “to‘liq chiqib ketishi”
Isroil-Falastin bo‘yicha vositachilar orasida bo‘lgan Qatar bosh vaziri,G’azo muzokaralari “tanqidiy bosqichda” ekanini aytib, zudlik bilan natija chiqarishga chaqirdi.
Qatar bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdurrahmon Al Sani, ikki oydan beri amal qilayotgan otashkesim Isroil qo‘shinlari bosib olingan hududlardan to‘liq chiqmaguncha tugallangan deb hisoblanmasligini ta’kidladi.
Al Sani:
“Hozir juda muhim nuqtadamiz… Buni hali to‘liq otashkesim deb bo‘lmaydi. Isroil kuchlari to‘liq chiqib ketmaguncha vaG’azoda barqarorlik o‘rnatilmaguncha jarayon yakunlanmaydi,” dedi.
Xalqaro Barqarorlik Kuchlari
BMT Xavfsizlik Kengashi AQSh qo‘llab-quvvatlaganG’azodagi to‘qnashuvni tugatishga qaratilgan Keng Qamrovli Rejani tasdiqlab, vaqtinchalik Xalqaro Barqarorlik Kuchlari (ISF) tuzishga ruxsat berdi.
2803-2025-sonli qaror — Tinchlik Kengashi va ishtirokchi davlatlarga o‘tish vakolati ostida operatsion bo‘linmalar yaratishga imkon beradi.
Barqarorlik ta’minlangach, isroillik kuchlar hududdan chiqadi va G’azo xavfsiz bo‘lguncha xavfsizlik halqasi saqlanadi.
Kengashning vakolat muddati har ikki yilda taqdim etiladigan hisobotlar bilan birga 2027 yil oxirigacha uzaytiriladi.












