Turkiya Respublikasi Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan, Falastin muammosi ikki davlat asosida hal qilinishi uchun Turkiya kafil bo‘lishga tayyor ekanini qayd etdi va Sharm al -Shayxda erishilgan kelishuv ham G‘azo, ham mintaqa uchun tarixiy tusga ega ekanini taʼkidladi.
Hakan Fidan kecha (18.10.2025) Turkiyaning ULKE TV kanaliga bergan intervyusida, muammo ikki davlat asosida hal qilinmagudek bo‘lsa unda urush yana uzashi mumkin ekanini ifoda etgan holda va hatto amaldagi otashkesim saqlab qolinmagudek bo‘lsa bundan buyon shunchaki urush emas balki boshqa bir genotsid qayd etilishini bildirdi.
Fidan Turkiyaning ustuvor vazifalari haqida ham gapirar ekan diqqat markazida kelishuv shartlariga rioya etilishi, insonparvarlik yordami yetkazib berilishi va G‘azo boshqaruvini falastinliklarning o‘z qo‘liga olishini ta’minlashi hamda muammoning ikki davlat asosida hal qilinishi yo‘lida qat’iy qadamlar tashlash ekanini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Uning ta’kidlashicha Anqaraning maqsadi yana keskinlikning oldini olish va mintaqada mustahkam tinchlik poydevorini yaratishdir.
Falastin davlati tomon yetaklagan yo‘l
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an avvalgi bayonotida G‘arbning Falastinni tan olish yo‘lidagi qadamlarini nafaqat diplomatik munosabat, balki muammoni ikki davlat asosida hal qilish uchun tashlangan shaxdam qadamlar sifatida baholagan edi.
Erdo‘g‘an mavzu haqida shuningdek: «Shu bosqichda muammoni ikki davlat asosida hal qilish sa’y - harakatlarini faollashtirish zarur. Biz G‘arb davlatlarining, ayniqsa Buyuk Britaniya bilan Frantsiyaning Falastin davlatini tan olish haqidagi qarorlarini shunchaki tan olish harakati sifatida emas, balki muammoni ikki davlat asosida hal qilish yo‘lidagi asosiy qadam sifatida ko‘rishni istaymiz. Aks holda, qo‘yilgan maqsadlarga erishilmaydi», - dedi.
Erdo‘g‘an o‘z nutqida 1967 - yil chegaralariga asoslangan va poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil hamda geografik jihatdan integratsiyalashgan Falastin davlatining yagona yechim ekanini tasdiqlagan holda Turkiya ko‘z qarashining asosiy jihatlarini ta’kidlagan edi.


















