Eron Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi Antonio Guterrishga yo‘llagan murojaatida, agar harbiy hujumga uchrasa, mintaqadagi "dushman kuch" deb atalgan tomonning bazalari, inshootlari va aktivlarini qonuniy nishon deb hisoblashini bildirdi. Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasi payshanba kuni yo‘llagan maktubida Donald Trampning Tehronga nisbatan ritorikasi "haqiqiy harbiy hujum xavfiga ishora qilayotganini" qayd etdi.
Maktubda Eron harbiy tajovuzga uchragan taqdirda "qat’iyat bilan" javob qaytarishi ta’kidlangan. Eronning ushbu munosabati Trampning Vashington bilan olib borilayotgan muzokaralarda Eron yaqin 10 kun ichida "mazmunli kelishuv" imzolashi kerakligi, aks holda "yomon voqealar yuz berishi" haqidagi ogohlantirishi hamda mintaqaga harbiy kemalar, samolyotlar va boshqa jihozlar yuborilgani ortidan e’lon qilindi.
Tramp G‘azoda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan Tinchlik kengashining ochilish yig‘ilishida: "Yillar davomida Eron bilan mazmunli kelishuvga erishish oson emasligini ko‘rdik. Biz mazmunli shartnoma imzolashimiz kerak, yo‘qsa yomon ishlar sodir bo‘ladi", – deb aytgan edi. Kelishuv bo‘lmagan taqdirda Vashington "yana bir qadam oldinga borishga majbur bo‘lishi" mumkinligini bildirgan Tramp: "Buni ehtimol yaqin 10 kun ichida bilib olasiz", – deya qo‘shimcha qilgan.
Trampning bu bayonotlari Netanyahuning Eronga nisbatan ogohlantirishidan so‘ng yangradi. Netanyahu: "Agar Oyatullohlar xatoga yo‘l qo‘yib, bizga hujum qilishsa, tasavvur ham qila olmaydigan javobga duch kelishadi", – degan edi.
Eronga hujum uchun harbiy kuchlarning to‘planishi
Ushbu ogohlantirishlar AQSH va Eron o‘rtasida Ummon vositachiligida Jenevada o‘tkazilgan ikkinchi tur muzokaralardan bir necha kun o‘tib yuz berdi. Muzokaralarda AQSH Eronning yadroviy bomba ishlab chiqarishiga to‘sqinlik qilishni ko‘zlamoqda; Eron esa bunday maqsadi yo‘qligini aytib, AQSH sanksiyalaridan ozod etilishini talab qilmoqda.
Shutterstock
Vashington mintaqaga ikkinchi aviatsiyatashuvchi kemani yuborishga buyruq berdi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, birinchisi bo‘lgan "USS Abraham Lincoln" va undagi 80 ga yaqin samolyot yakshanba kunidan boshlab Eron qirg‘oqlaridan taxminan 700 kilometr uzoqlikda joylashtirilgan. Eron esa shu hafta boshida Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan Hormuz bo‘g‘ozida o‘tkazilgan harbiy mashg‘ulotlar orqali o‘z kuchini ko‘rsatishga urindi.
Eronlik siyosatchilar neft va gaz uchun muhim xalqaro yo‘l bo‘lgan bo‘g‘ozni yopib qo‘yish bilan bir necha bor tahdid qilishgan; AQSH-Eron to‘qnashuvi xavfi shu hafta neft narxining ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu bo‘g‘oz orqali dunyodagi dengiz yo‘li bilan tashiladigan neftning to‘rtdan bir qismi va suyultirilgan tabiiy gazning beshdan bir qismi o‘tadi.












