Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Moskva va Kiyev o‘rtasida davom etayotgan urushning to‘rtinchi yilligini yodga olib, Ukrainada tinchlik va adolat o‘rnatish uchun hamma narsani qilishga va’da berdi.
Zelenskiy seshanba kuni (24.02.2026) mavzu haqida Telegram orqali bergan bayonotida shunday dedi: «Bu (to‘rtinchi yillik) bizning bardoshimiz va Ukraina shu vaqt davomida qanday kurash olib borganini yaqqol namoyon etdi. Buning ortida millionlab fuqaromiz, ulkan jasorat, nihoyatda katta mehnat, matonat va Ukrainaning 24 - fevraldan beri bosib o‘tgan uzoq yo‘li bor».
Zelenskiy shu davr ichida ukrainaliklar o‘z mustaqilligini himoya qilish va davlat tuzilmalarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi va: «Biz Ukrainani himoya qildik, tinchlik va adolatni kafolatlash uchun hamma narsaga tayyormiz», - dedi.
Ukraina mudofaa sanoati g‘alaba uchun ishlamoqda
Boshqa bir bayonotda, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov: «Ukraina mudofaa sanoati g‘alaba uchun ishlamoqda. Texnologiya jang maydonini o‘zgartirmoqda», - dedi.
U shuningdek: «Ukraina adolatli va barqaror tinchlik uchun ishlamoqda. Shunchaki rasmiyatchilik uchun emas, balki aniq natijalar uchun», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Kiyev, urushning to‘rtinchi yilligida bir qator yuqori martabali xalqaro mehmonlarni qabul qilmoqda. Ular orasida Yevropa kengashi raisi Antonio Costa, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula von der Leyen hamda Xorvatiya, Latviya, Estoniya, Islandiya, Daniya, Shvetsiya va Norvegiya bosh vazirlari bor.
Shuningdek, Finlandiya Prezidenti, Litva Mudofaa vaziri va Polsha Tashqi Ishlar vaziri ham tadbirlarda ishtirok etmoqda.
Bundan tashqari, onlayn tarzda «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» yig‘ilishi hamda «Ukraina – Skandinaviya va Boltiqbo‘yi davlatlari» sammitini o‘tkazish rejalashtirilgan. Kiyev markazi bugun ertalabdan beri xavfsizlik sababli yopiqdir.
Barqaror tinchlik ildiz sabablari bartaraf etilgandagina mumkin
Ayni paytda Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi rasmiy vakili Maria Zaxarova Rossiyaning «maxsus harbiy amaliyoti» Donbas mintaqasidagi tinch aholini himoya qilishni ko‘zlagan «majburiy qadam» ekanini qayd etdi. Zaxarova Ukrainа armiyasi 2022 - yilning fevraliga qadar hududda 13 ming 500 nafar tinch aholini o‘ldirganini iddao qildi.
Zaxarova 2021 - yili keskinlikning oldini olish maqsadida Rossiya G‘arbdan, jumladan NATOning sharqqa kengaymasligi va harbiy infratuzilmasini 1997 - yildagi holatiga qaytarish bo‘yicha Moskva uchun huquqiy xavfsizlik kafolatlari berilishini talab qilgani ammo bu talab e’tiborsiz qoldirilganini ta’kidladi.
Shuningdek, u Zelenskiyning 2022 - yilning fevralida yadro quroliga ega bo‘lish istagini bildirgani jiddiy xavotir uyg‘otganini o‘z so‘ziga ilova etdi.
U mavzu haqida: «Doimiy, adolatli va barqaror tinchlik faqat mojaroning ildiz sabablari bartaraf etilganidagina mumkin. Diplomatik sa’y - harakatlarimiz — Dunyo ko‘pchiligi mamlakatlari bilan aloqalar hamda Rossiya – Amerika muloqoti doirasida — aynan shu maqsadga qaratilgan», - degan ifodalarga o‘rin berdi.















