Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) shanba kuni mahalliy sulh kelishuviga erishilganini ma’lum qildi. Tashkilot vositachiligidagi ushbu bitim Zaporojye atom elektr stansiyasining (ZAES) tashqi elektr ta’minotini tiklash uchun ta’mirlash ishlarini boshlashga imkon beradi.
Ukrainada joylashgan va Rossiya nazoratida bo‘lgan mazkur atom stansiyasi 20-avgustdan buyon tashqi elektr tarmog‘idan butunlay uzilgan edi. Shu sababli stansiyaning asosiy xavfsizlik va sovutish tizimlari faqat favqulodda dizel generatorlari ko‘magida ishlab kelayotgandi.
MAGATE stansiyadagi dizel yonilg‘isi zaxiralari tugab borayotganidan ogohlantirdi. Agar elektr ta’minoti tiklanmasa yoki qo‘shimcha yonilg‘i yetkazib berilmasa, yaqin kunlarda stansiya butunlay quvvatsiz qolishi (blekaut) mumkin edi. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina texniklari hudud minalardan tozalanishi bilan, shanba kuni kechki payt yuqori kuchlanishli tarmoqlarni ta’mirlashga kirishadi.
Zaporojye AES haqida ma’lumot
Zaporojye atom elektr stansiyasi oltita reaktori va qariyb 6 000 MVt quvvati bilan Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi hisoblanadi. U 2022-yil mart oyi boshida, keng ko‘lamli urush boshlangan ilk haftalarda Rossiya harbiylari nazoratiga o‘tgan edi.
Ayni paytda stansiyaning barcha olti reaktori o‘chirilgan va "sovuq holat" (cold shutdown) rejimiga o‘tkazilgan. Shunga qaramay, reaktorlar hamda ishlatilgan yadro yoqilg‘isi saqlanadigan hovuzlarni doimiy sovutib turish va ortiqcha qizib ketish (avariya) xavfining oldini olish uchun stansiyaga tashqaridan uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berilishi shart.
Urush boshlanganidan buyon stansiya 24 martadan ortiq tashqi elektr ta’minotidan uzildi. Bu esa ob’ektni barqaror elektr va yonilg‘i bilan ta’minlash masalasini MAGATE doimiy nazoratida turgan eng jiddiy yadroviy xavfsizlik muammosiga aylantirdi.



















