AQSh va Isroilning rejalari barbod bo‘ldi: New York Times Eron urushining parda orti tafsilotlarini ochiqladi
AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlab, 28-fevraldagi dastlabki havo zarbalarida o‘sha paytdagi Oliy rahbar Ali Xomanaiyni o‘ldirganidan bir necha kun o‘tib, mamlakat hokimiyatiga Eronning ashaddiy konservativ sobiq prezidentini keltirish rejasini tuzgan. Bu haqda seshanba kuni The New York Times (NYT) nashrida e’lon qilingan hisobotda so‘z boradi.
AQSh rasmiylarining NYT nashriga ma’lum qilishicha, ushbu "jasoratli" reja isroilliklar tomonidan AQSh hukumati roziligi bilan ishlab chiqilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad — Tehrondagi hokimiyat tepasiga Donald Tramp urushning ilk kunlarida taklif qilgan odamni olib kelish bo‘lgan. Tramp o‘shanda: "Eronni ichkaridan chiqqan biror kimsa boshqargani ma’qul", deb aytgandi.
Nashrning yozishicha, o‘sha "kimsa" — Isroil va AQShga qarshi keskin qarashlari bilan tanilgan Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod bo‘lgan hamda yangi rejimga o‘tish masalasida u bilan maslahatlashilgan.
NYT hisobotida Ahmadinajod bu jarayonga aynan qanday jalb qilinganiga aniqlik kiritilmagan. Biroq u 2005–2013-yillardagi prezidentlik davrida "Isroilni xaritadan o‘chirib tashlash" chaqiriqlari bilan dong taratganini hisobga olsa, bu tanlov ancha "g‘ayrioddiy" ko‘ringan. Ahmadinajod, shuningdek, Eron yadro dasturining ashaddiy himoyachisi, AQShning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgani va mamlakat ichidagi dissidentlarni shafqatsizlarcha bostirgani bilan ham tanilgan edi.
Biroq bu reja dastlabki qadamdayoq muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Rasmiylarning nashrga bildirishicha, Ahmadinajod urushning birinchi kunidayoq Isroilning Tehrondagi uning uyiga uyushtirgan havo zarbasi oqibatida yaralangan. Vaholanki, ushbu zarbadan maqsad uni uy qamog‘idan ozod qilish bo‘lgan. Mazkur muvaffaqiyatsiz operatsiyadan keyin ham Ahmadinajod, ham AQSh rasmiylari rejimni o‘zgartirish rejasidan butunlay umid uzganlar.
Yaralangan Ahmadinajodning taqdiri noma’lum
NYT xabariga ko‘ra, portlashdan omon qolgan Ahmadinajod o‘shandan buyon ommaga ko‘rinish bermagan. AQSh hozircha uning qayerdaligi yoki salomatligi qay ahvolda ekani haqida aniq ma’lumotga ega emas.
AQSh va Isroilning Ahmadinajodni Eronning yangi rahbari etib tayinlash bo‘yicha maxfiy rejalari "Isroil tomonidan Eron teokratik hukumatini ag‘darishga qaratilgan ko‘p bosqichli strategiyaning bir qismi" bo‘lgan. Bu holat Tramp va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning urush maqsadlariga qanchalik tez erishish mumkinligi borasida adashganini ko‘rsatdi. Qolaversa, ular Eron rahbariyatini o‘zgartirishdek o‘ta xavfli va tavakkal reja ustida garov o‘ynashgan; hatto Trampning ba’zi maslahatchilari ham bu rejani xomxayol deb hisoblashgan.
Oq uy The New York Times gazetasining Ahmadinajodning roli borasidagi so‘roviga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermadi, biroq AQShning Eronga qarshi urush bo‘yicha rasmiy strategiyasi bayonotini e’lon qildi.
Oq uy matbuot kotibi Anna Kelli o‘z bayonotida shunday deydi:
"Prezident Tramp boshidanoq 'Operation Epic Fury' (Dahshatli g‘azab operatsiyasi) maqsadlarini aniq belgilab bergan edi: Eronning ballistik raketalarini yo‘q qilish, ularning ishlab chiqarish ob’ektlarini parchalash, dengiz flotini cho‘ktirish va proksi kuchlarini zaiflashtirish. AQSh harbiylari barcha vazifalarni to‘liq va hatto ortig‘i bilan bajardi. Hozirda hamkorlarimiz Eronning yadroviy salohiyatini butunlay yo‘q qilishga qaratilgan bitim ustida ish olib bormoqdalar."
Eron rahbarini almashtirish rejasi bundan qariyb ikki oy oldin, 3-yanvarda Venesuelaning o‘sha paytdagi prezidenti Nikolas Maduro asirga olinishi ortidan paydo bo‘lgan edi. O‘shanda AQSh Oq uy bilan hamkorlik qila oladigan vaqtinchalik yetakchini osongina topgani ushbu rejaga turtki bo‘lgan.
Biroq Eron urushida voqealar rivoji mutlaqo boshqa tomonga burilib ketdi. Bugungi kunda AQSh va Isroilning Ahmadinajodni hokimiyatga olib kelish rejasi, jumladan, uning yaralanishiga va butun missiyaning barbod bo‘lishiga olib kelgan havo zarbasi atrofida javobsiz qolayotgan savollar talaygina.













