AQSh qo‘shinlari Eron hududidagi bir nechta nishonlarga qo‘shimcha zarbalar berdi. Bu haqda Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida tijorat kemasiga qarshi uyushtirgan so‘nggi hujumidan so‘ng AQSh Harbiy Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qildi.
CENTCOM shanba kuni bergan bayonotida, uning kuchlari 27 - iyun kuni AQSh Prezidenti bosh qo‘mondon sifatida bergan ko‘rsatmaga muvofiq zarbalar berganini bildirdi.
Qo‘mondonlik ma’lumotiga ko‘ra Eron kuchlari bir martalik hujumchi dron yordamida Panama bayrog‘i ostida suzayotgan, 2 million barreldan ortiq xom neft ortilgan M/T Kiku tankerini Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida mahalliy vaqt bilan soat 04:30 da nishonga olgan. AQShning javob zarbalari aynan shundan keyin amalga oshirilgan.
«CENTCOM kuchlari bugun Eronning tijorat kemalariga qarshi davom etayotgan tajovuzkor harakatlariga javoban to‘g‘ridn - to‘g‘ri zarbalar berdi», — deyiladi bayonotda.
AQSh harbiylari Eronning harbiy razvedka infratuzilmasi, aloqa tizimlari, havo hujumidan mudofaa obyektlari, dronlarni saqlash inshootlari hamda dengiz minalarini joylashtirish imkoniyatlarini nishonga olganini ma’lum qildi.
Qo‘mondonlik Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tijorat kemalari harakati davom etayotganini ta’kidlab, AQSh kuchlari «doimo hushyor, jangovar va harakatga tayyor» ekanini bildirdi.
Janubiy Eronda portlashlar
Eron davlat televideniyesi yakshanba kuni ertalab mamlakat janubidagi Sirik shahrida bir necha portlash ovozlari eshitilgani haqida xabar berdi.
Telekanal harbiy manbaga tayanib, snaryadlar Tahrouyi qishlog‘idagi telekommunikatsiya minorasiga kelib tushganini ma’lum qildi.
Eronning Fars axborot agentligi esa Janubiy Erondagi Keshm orolining Misin qishlog‘ida ham portlashlar kuzatilganini xabar qildi.
Hozircha halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
CENTCOM yakshanba kuni bergan navbatdagi bayonotida AQSh kuchlari Eronning bir qator nishonlariga qo‘shimcha zarbalar berganini tasdiqlab, amaliyot Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida tijorat kemalariga qarshi davom etayotgan harakatlariga javoban amalga oshirilganini ma’lum qildi. Bayonotga ko‘ra zarbalar Eronning harbiy razvedka infratuzilmasi, aloqa tizimlari, havo hujumidan mudofaa obyektlari ham - da dronlar bilan bog‘liq inshootlariga qaratilgan.









