Suriya poytaxti Damashqda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning tashrifi chog‘ida sodir etilgan portlashlarni amalga oshirgan shaxslar qo‘lga olindi.
Suriya Ichki Ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, 7 - iyul kuni Damashq markazida sodir etilgan ketma - ket ikki portlashni uyushtirgan uch nafar gumondor xavfsizlik kameralaridagi tasvirlar puxta tahlil qilinishi hamda olingan razvedka ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan maxsus amaliyot davomida qo‘lga olingan.
Bayonotda aytilishicha, qo‘lga olingan shaxslar dastlabki so‘roqlarda hujumni rejalashtirib, amalga oshirganliklarini tan olgan. Shuningdek, ular mamlakatdagi xavfsizlik va barqarorlikka putur yetkazish, aholi orasida qo‘rquv va tartibsizlik keltirib chiqarish maqsadida DEASh terror tashkilotidan ko‘rsatma yoki buyruq olganliklarini bildirgan.
Mazkur terror guruhi bilan aloqador boshqa sheriklarni aniqlash, qo‘lga olish va sudga topshirish maqsadida tergov ishlari chuqurlashtirilgan holda davom ettirilayotgani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning 7 - iyul kuni Damashqqa bo‘lgan tashrifi chog‘ida Suriya Turizm vazirligi hamda Makron joylashgan mehmonxona yaqinida sodir etilgan portlashlarda bir kishi halok bo‘lgan, 36 kishi esa jarohat olgan edi.

















