Xitoy Xalq Respublikasida tug‘ilish darajasi 1949 - yili mamalakat tashkil etilganidan buyon tarixdagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.
Bloomberg tomonidan dushanba kuni xabar berilishicha, Xitoy Milliy Statistika byurosi e’lon qilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra o‘tgan yili tug‘ilish koeffitsienti tushib ketar ekan, bu holat 2020 - yildan buyon qayd etilgan eng yirik tushish sifatida qayd etildi.
Mazkur pasayish Xitoy umumiy aholisining 3,4 million kishiga kamayishiga olib kelgani va bu holat ketma - ket to‘rtinchi yillik demografik qisqarish sifatida baholangani aytildi.
Ma’lumotlar Prezident Si Szinpinning “tug‘ilish darajasini rag‘batlantiruvchi jamiyat” barpo etish harakatlariga zarba berdi. Shunga qaramay, hukumat pul mablag‘lari bilan qo‘llab - quvvatlash, ota - onalik ta’tilini uzaytirish va boshqa rag‘batlantiruvchi choralarni joriy etishda davom etmoqda.
Shuningdek, Xitoy 2024 - yili 1980 - yildan beri eng past nikohlar sonini qayd etgandi. Shunga ko‘ra 2024 - yili atigi 6,1 million juftlik turmush qurgan bo‘lib, bu raqam 2023 - yilga nisbatan 20,5 foizga kam ekani kuzatildi. Ayni paytda ajrimlar soni 1,1 foizga oshdi.
Tug‘ilish darajasidagi pasayish tug‘ish yoshidagi ayollar sonining kamayishi bilan yana da chuqurlashib bormoqda. Bundan tashqari, yosh avlodning ijtimoiy va iqtisodiy bosimlar sabab nikoh va ota - onalikni kechiktirishi ham muhim omil bo‘ldi.
Pekin nikoh va tug‘ilish ko‘rsatkichlarining pasayishiga qarshi turli siyosatlarni joriy etdi biroq hozircha ularning sezilarli ta’siri kuzatilmayapti.
Xitoy aholisi 2024 - yili 1,4 milliard kishini tashkil etar ekan, bu ko‘rsatkich 2021 - yildan buyon ketma - ket uchinchi yillik pasayishni anglatadi.
Xitoy iqtisodiyoti
Shu bilan birga, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy iqtisodiyoti 2025 - yili 5 foizga o‘sib, hukumat belgilagan yillik o‘sish maqsadiga erishdi.
Milliy Statistika byurosi e’lon qilgan raqamlarga ko‘ra mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 140 trillion yuan (taxminan 20 trillion AQSh dollari)ga yetib, rekord ko‘rsatkichni qayd etdi.
Dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti ichki talabning sustligi, deflyatsion tendensiyalar, ko‘chmas mulk sektoridagi uzoq davom etgan turg‘unlik va AQShning tarif siyosati bilan bog‘liq tashqi noaniqliklarga qaramay, hukumat belgilagan qariyb 5 foizlik o‘sish darajasiga mos natijaga erishdi.









