Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan NATO yig‘ilishida ishtirok etadi.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan 21-22-may kunlari Shvetsiyaning Xelsingborg shahrida bo‘lib o‘tadigan NATO tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida ishtirok etadi. Bu haqda chorshanba kuni Turkiya Tashqi ishlar vazirligidagi manbalar ma’lum qildi.
Yig‘ilishda joriy yilning 7-8-iyul kunlari Anqarada Turkiya mezbonligida o‘tkaziladigan NATO sammitiga tayyorgarlik ko‘rish, ittifoqchilar birligi, transatlantik hamkorlik hamda mudofaa sanoati salohiyatini kuchaytirish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda. Shuningdek, Ukrainaga doimiy yordam ko‘rsatish va ortib borayotgan mudofaa xarajatlarini harbiy salohiyatga aylantirish mavzulari ham diqqat markazida bo‘ladi.
Vazirlar, shuningdek, Eron va Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi so‘nggi voqealarni hamda ularning Yevro-Atlantika va global xavfsizlikka ko‘rsatadigan ta’sirini tahlil qiladilar.
NATOning janubiy qanot siyosati va Yevro-Atlantika xavfsizligiga daxldor dolzarb jarayonlar, xususan, Rossiya-Ukraina urushi ham kun tartibidan joy olgan.
NATO-Ukraina Kengashining norasmiy kechki ovqati
Yig‘ilish 21-may kuni NATO-Ukraina Kengashining norasmiy ishchi kechki ovqati bilan boshlanadi. Unda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga (Andrii Sybiha) va Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas (Kaja Kallas) ishtirok etadi.
Ushbu tadbir davomida Hakan Fidanning Anqara tomonidan Rossiya-Ukraina urushini yakunlash borasida olib borilayotgan diplomatik sa’y-harakatlarga to‘xtalib o‘tishi hamda Turkiyaning Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlashi kutilmoqda.
Anqara sammitiga tayyorgarlik
22-may kuni yig‘ilish faqatgina NATOga a’zo 32 davlat tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi maxsus sessiya bilan davom etadi.
Fidan uchrashuv davomida ittifoqchilarni Anqara sammitiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida xabardor qiladi. Mazkur tadbir iyul oyida o‘tadigan ittifoq yetakchilari sammiti oldidan NATO tashqi ishlar vazirlarining so‘nggi uchrashuvi hisoblanadi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri sammitdan kutilayotgan natijalarni bayon qilib, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv NATO birdamligi va muvofiqligini namoyon etishi uchun Anqara tomonidan ko‘rilayotgan choralarni alohida ta’kidlaydi.
Shuningdek, vazir Turkiyaning NATOga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot berib, mamlakatning mudofaa xarajatlarini harbiy salohiyatga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlariga to‘xtaladi. U ittifoq doirasida transatlantik mudofaa sanoati hamkorligini hech qanday cheklovlarsiz rivojlantirish zarurligini ilgari suradi.
Hakan Fidan barcha yo‘nalishlardan kelayotgan tahdidlarga qarshi turishda NATOning "360 darajali xavfsizlik yondashuvi" muhimligini, jumladan, ittifoqning janubiy qo‘shnilari bilan aloqalarni chuqurlashtirish va terrorizmga qarshi kurash choralarini kuchaytirish lozimligini bayon qiladi.


















