"Channel 13" telekanali ism-sharifi oshkor etilmagan yuqori martabali isroillik rasmiyga tayanib xabar berishicha, AQSh Isroilga Livonda "cheksiz harakat erkinligi"ni taqdim etuvchi vakolat muddati tugaganini ma’lum qilgan. Manbaga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Vashingtondan Tel-Avivga ushbu ruxsatnoma o‘z nihoyasiga yetgani haqida rasmiy xabar kelib tushgan.
Telekanal dushanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilga nafaqat Livonda, balki boshqa mintaqalarda ham ma’lum cheklovlar o‘rnatayotganini xabar qildi. Bu holat bosh vazir Binyamin Netanyaxuning janubiy Livondagi isroillik harbiylar "to‘liq harakat erkinligiga ega" degan bayonotiga zid keladi. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Isroil siyosiy rahbariyati armiyaga Livondagi ruxsat etilgan va taqiqlangan amaliyotlar doirasini belgilovchi maxsus ko‘rsatmalarni bergan. Unga ko‘ra, poytaxt Bayrut hamda janubiy Livondagi Sur (Tir) tumani hududlarida harbiy amaliyotlar o‘tkazish taqiqlangan.
"Zaiflik belgisi"
Dushanba kuni "Maariv" gazetasi Vashington va Tel-Aviv o‘rtasida Livondagi vaziyat bo‘yicha jiddiy qarashlar farqi borligini yozdi. Gazetaga ko‘ra, Vashington janubiy Livon masalasini Hormuz bo‘g‘ozi, energiya narxlari, Eronning yadroviy dasturi va Tramp ma’muriyatining diplomatik muvaffaqiyatga erishish zarurati kabi kengroq mintaqaviy kontekst doirasida baholamoqda. Isroil tomoni esa janubiy Livondan muddatidan avval har qanday chekinishni "zaiflik belgisi" deb hisoblaydi va bu holatni "Hizbulloh" tashkiloti uchun mukofot deb biladi.
Qayd etish joizki, Isroil 2-martdan buyon Livonga qarshi olib borayotgan harbiy agressiyasi natijasida 4000 dan ortiq inson halok bo‘lgan, 12 000 dan ziyod kishi jarohat olgan va 1 milliondan ortiq aholi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Isroil kuchlari janubiy Livondagi, jumladan, ayrimlari o‘n yillab, ba’zilari esa 2023–2024-yillardagi harbiy harakatlar davomida egallangan hududlarda o‘z nazoratini saqlab qolishda davom etmoqda.














