Ursula fon der Lyayen va Mark Rutte Turkiyaning NATOdagi strategik ahamiyatini e’tirof etdi.
Anqaradagi NATO Mudofaa sanoati forumi doirasida o‘tkazilgan "Qobiliyatlar chaqirig’i: NATO–Yevropa Ittifoqi muloqoti" panelida Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen va NATO Bosh kotibi Mark Rutte xavfsizlik arxitekturasi hamda hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Turkiyaning strategik o‘rni va YI bilan hamkorlik
Ursula fon der Lyayen Turkiyaning NATO tarkibidagi eng yirik harbiy kuchlardan biri ekanini ta’kidlab, uning ittifoq doirasidagi va Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlardagi o‘rnini yuqori baholadi. U xavfsizlik muhiti tubdan o‘zgargan hozirgi sharoitda NATO va YI o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni chuqurlashtirish, birgalikdagi xaridlar va Yevropa mudofaa sanoati bazasini mustahkamlash taqozo etilayotganini qayd etdi.
"Yevropa Ittifoqi a’zolari va NATO ittifoqchilari asosan bir xil harbiy salohiyatga tayanadi. Shu bois kuchlar o‘rtasidagi o‘zaro moslik (interoperabilitet) va mudofaa investitsiyalarini sezilarli darajada oshirish o‘ta muhim", — dedi fon der Lyayen. U Turkiya bilan Yevropa mudofaa tashabbuslari, xususan, YIning "Yevropa uchun xavfsizlik harakati" (SAFE) dasturi orqali mudofaa xaridlarini moliyalash sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini qo‘shimcha qildi.
Transatlantik hamkorlik va yangi mudofaa modeli
NATO Bosh kotibi Mark Rutte ittifoq va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mas’uliyat taqsimotiga urg‘u berib, ularning birgalikdagi faoliyati o‘zaro salohiyatni kuchaytirishi zarurligini ta’kidladi. "NATO buyruq, nazorat va standartlar bo‘yicha yetakchilik qilsa, Yevropa Ittifoqi mudofaa investitsiyalari, harbiy harakatlanish va sanoat bazasini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi", — dedi Rutte.
Bosh kotib AQShga bo‘lgan haddan tashqari bog‘liqlikni kamaytirish va "kuchli NATOda ancha qudratli Yevropa"ni shakllantirish zarurligini ta’kidladi. U Rossiyaning harbiy iqtisodiyotga o‘tganini hisobga olib, G‘arb davlatlarida ishlab chiqarish quvvatlarini yanada jadallashtirish kerakligini bildirdi.
Turkiya mudofaa sanoati — namuna sifatida
Mark Rutte Turkiyaning mudofaa sanoati tuzilmasini xavfsizlikka nisbatan keng qamrovli milliy yondashuvning muvaffaqiyatli namunasi sifatida alohida e’tirof etdi.
"Turkiya Mudofaa sanoati kotibiyati (SSB) orqali tashkil etilgan model juda samarali. Bu yerda 3000 ga yaqin turli o‘lchamdagi kompaniyalar yaqin hamkorlikda ishlaydi. Ular nafaqat Turkiya ehtiyojlari uchun, balki NATO hududi va undan tashqariga ham eksport qilishga qodir. Bu tajriba boshqa ittifoqchilar tomonidan ham o‘rganilmoqda", — deb ta’kidladi Bosh kotib.



















