Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum Mug‘laning dunyoga mashhur sayyohlik markazi Go‘jekda qayiqlar egallab olishidan xalos etilib, tozalangan hamda bepul xalq plyaji sifatida fuqarolar foydalanishiga topshirilgan sohil tasvirlarini ulashdi.
Go‘jek xalq plyaji bilan birga ikki yil ichida fuqarolarning bepul foydalanishi uchun ochilgan chiqindisiz konsepsiyadagi plyajlar soni 15 taga yetdi.
“Xalq plyaji loyihasi” davom etmoqda
Vazir Murat Kurum rahbarligida aholining sohillardan bepul foydalanishini kafolatlash va plyajlarda chiqindisiz tamoyilini keng yoyish maqsadida tayyorlangan “Xalq plyaji loyihasi” davom etmoqda.
Tabiiy boyliklarni muhofaza qilish bosh boshqarmasi bilan Turkiya Atrof-muhitni muhofaza qilish jamg‘armasiga qarashli Sohillarni boshqarish va atrof-muhitni muhofaza qilish aksiyadorlik jamiyati hamkorligida amalga oshirilgan loyiha doirasida o‘tgan yili Mug‘laning Ortaja tumanidagi Iztuzu va Sarigerme, Menteshedagi Akbuk, Marmarisdagi Qizqumu, Bodrumdagi Bitez Haji Ahmetler, Fethiyedagi Chalish, Beljekiz va Qaraot plyajlari ekologik talablarga muvofiq tartibga keltirildi.
Bu yil esa Fethiyedagi Go‘jek, Izmirning Cheshme tumanidagi Altinqum va Pamuq Ovasi, Urladagi Qumdenizi, Balikesirning Ayvalik tumanidagi Sarimsakli, Edirnening Enez tumanidagi Gazio‘mer hamda Antaliyaning Manavgat tumanidagi Qisalar xalq plyajlari fuqarolarning bepul foydalanishi uchun ochildi.
Shunday qilib, 5 viloyatda jami 24 ming 682 kvadrat metr maydonda tashkil etilgan xalq plyajlari yiliga o‘rtacha 636 ming nafar tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda.





















