Vazirlikka ko‘ra, Global Sumud flotiliyasining Isroil tomonidan to‘xtatilishi ortidan hibsga olingan 14 nafar turk fuqarosini qaytarish uchun faol ishlar olib borilmoqda.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi O’ncu Kecheli dushanba kuni X platformasida:
“Hozirda Isroilda saqlanayotgan 14 nafar fuqaromizning ertaga (7-oktabr) Iordaniya orqali yurtimizga qaytishi ustida ishlayapmiz,”
— deya ma’lum qildi.
Vazirlik, qolgan fuqarolarning xavfsiz qaytishini ta’minlash maqsadida Iordaniya va Isroil hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilinayotganini bildirdi.
Shanba kuni Isroil reydi chog‘ida noqonuniy ravishda qo‘lga olingan 36 nafar Turkiya fuqarosi Anqara tomonidan tashkil etilgan maxsus reys orqali vatanga qaytarilgan edi.
Isroil harbiy-dengiz kuchlari chorshanbaga o‘tar kechasi Global Sumud flotiliyasini noqonuniy tarzda to‘xtatib, 50 dan ortiq davlatdan kelgan 470 dan ziyod faollarni hibsga olgan edi.
Gumanitar yordam kemalaridan iborat flotiliya, qariyb 18 yildan beri Isroil blokadasi ostida bo‘lgan G‘azoga tibbiy vositalar va zarur mahsulotlar yetkazib berish uchun yo‘lga chiqqan edi.
Isroilning mintaqaga qarshi davom etayotgan hujumlari natijasida, asosan ayollar va bolalardan iborat 67 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, G‘azoning katta qismi vayronalarga aylangan va deyarli butun aholi ko‘chishga majbur bo‘lgan.