AQShda joylashgan nufuzli "Pew Research Center" tadqiqot markazi dunyoning 36 mamlakatida Isroil davlati va uning rahbariyatiga nisbatan xalqaro munosabatni o‘rganish maqsadida keng ko‘lamli ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdi.
8-fevraldan 13-maygacha davom etgan va barcha qit’alarni qamrab olgan tadqiqotda 44 657 nafar voyaga yetgan fuqaro ishtirok etdi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, mazkur mamlakatlarda Isroilga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lganlar ulushining o‘rtacha median qiymati 67 foizni tashkil etdi. Aksincha, ushbu davlatga nisbatan ijobiy fikrda ekanini bildirganlar ulushi o‘rtacha 25 foiz bo‘lib qolmoqda.
Eng yuqori salbiy ko‘rsatkichlar va Turkiya natijalari
Isroilga nisbatan eng keskin salbiy munosabat Turkiya, Bangladesh, Indoneziya, Malayziya va Pokiston kabi musulmon aholisi ko‘pchilikni tashkil etuvchi mamlakatlarda, shuningdek, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddus hududlarida qayd etildi.
Xususan, Turkiyadagi respondentlarning 91 foizi Isroil haqida “juda salbiy”, 5 foizi esa “biroz salbiy” fikr bildirgan (jami 96 foiz).
G‘arb davlatlari va Sharqiy Osiyoda ham salbiy munosabat ustun
Tadqiqot Isroilga nisbatan salbiy qarashlar nafaqat musulmon dunyosida, balki AQSh, Kanada, Yevropa va Sharqiy Osiyoda ham ustunlik qilayotganini ko‘rsatdi. Isroilni salbiy baholaganlar ulushi AQShda 60 foiz, Kanadada esa 65 foiz sifatida qayd etildi.
So‘rovnomaga kiritilgan barcha Yevropa mamlakatlarida ham antipatiya (yoqtirmaslik) darajasi yuqori ekani oydinlashdi:
Shvetsiya va Ispaniya: Ishtirokchilarning 78 foizi Isroilga nisbatan salbiy fikrda.
Italiya, Gollandiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya: Voyaga yetgan aholining yarmidan ko‘pi ushbu mamlakatga nisbatan salbiy munosabat bildirgan.
Ushbu tendensiya Tinch okeani va Sharqiy Osiyo mintaqasida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Respondentlarning Yaponiyada 83 foizi, Avstraliyada 79 foizi va Janubiy Koreyada 70 foizi Isroil haqida salbiy fikrlarini bayon etgan.
G‘arb va Osiyodagi umumiy manzaradan faqat Hindiston yaqqol ajralib turibdi. Bu mamlakatda respondentlarning 32 foizi Isroilga nisbatan ijobiy, 28 foizi esa salbiy munosabatda ekanini aytgan.
Dinamika kuzatilgan 24 mamlakatning 13 tasida 2025-yildan buyon Isroilga nisbatan salbiy qarashlar yanada ortgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich pasaygan yagona davlat Yunoniston bo‘ldi.
Binyamin Netanyahuga bo‘lgan ishonch inqirozi
So‘rovnoma doirasida ishtirokchilarning Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuga bo‘lgan munosabati ham o‘rganildi. Aksariyat mamlakatlarda "Netanyahuning global masalalarda to‘g‘ri qaror qabul qilishiga juda kam ishonaman yoki umuman ishonmayman" deb javob berganlar mutlaq ko‘pchilikni tashkil etdi.
Butun dunyo bo‘ylab faqatgina ikki davlat — Keniya va Filippin aholisining yarmidan ko‘p qismi Netanyahuning siyosatiga ishonishini ma’lum qilgan.


















