TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya yahudiylarning Al-Aqso masjidiga bostirib kirishini keskin qoraladi
Anqara Quddusning tarixiy va huquqiy maqomini mensimaslikka qaratilgan harakatlar xalqaro huquqning ochiqchasiga buzilishi ekanligini ta'kidladi.
Turkiya yahudiylarning Al-Aqso masjidiga bostirib kirishini keskin qoraladi
Turkiya Isroil ekstremistik guruhining Al-Aqso masjidiga bostirib kirishini qoraladi / Reuters

Turkiya isroillik ekstremistlarning Al-Aqso masjididagi provokatsiyalarini keskin qoraladi.

Turkiya yakshanba kuni Isroil xavfsizlik kuchlari himoyasida isroillik ekstremistik guruhlarning Al-Aqso masjidiga bostirib kirishini hamda u yerda Isroil bayrogʻini koʻtarish va milliy madhiyani kuylash kabi provokatsion harakatlarini eng qatʼiy tarzda qoraladi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi dushanba kuni eʼlon qilgan bayonotida Quddusning, xususan, Al-Aqso masjidining tarixiy va huquqiy maqomini inkor etishga qaratilgan bu kabi harakatlar xalqaro huquqning ochiqdan-ochiq buzilishi ekanini taʼkidladi hamda bu holat mintaqadagi beqarorlikni yanada chuqurlashtirishi haqida ogohlantirdi.

"Ushbu xavfli provokatsiyalar va bosqinchi Isroilning musulmon hamda nasroniy muqaddas qadamjolariga nisbatan qilgan huquqbuzarliklari fonida, biz xalqaro hamjamiyatni Isroilga nisbatan bosimni oshirishga chaqiramiz", — deyiladi vazirlik bayonotida.

Quddus gubernatorligi Media boʻlimi direktori Umar Rajubning taʼkidlashicha, Al-Aqso masjidi hovlisida Isroil bayrogʻini koʻtarish va provokatsion marosimlar oʻtkazish ekstremistik va ishgʻolchi hukumat boshchiligidagi rasmiy Isroil siyosatining tizimli hamda ataylab amalga oshirilayotgan qismidir.

"Bu harakatlar bosib olingan Sharqiy Quddusda kuch ishlatish orqali yangi voqelikni oʻrnatishga hamda Al-Aqso masjidining tarixiy va huquqiy maqomini zaiflashtirishga qaratilgan", — deya qoʻshimcha qildi u.

U, shuningdek, bosqinchilarning Al-Aqso masjidi hududidagi harakatlari muqaddas dargohni makon va vaqt jihatidan boʻlish, shaharni yahudiylashtirish va uning diniy hamda tarixiy oʻziga xosligini yoʻq qilish, shuningdek, huquqiy, madaniy va demografik xususiyatlarini oʻzgartirishga qaratilgan uzoq muddatli mustamlakachilik rejasining bir qismi ekanidan ogohlantirdi.

Rajub politsiya himoyasida amalga oshirilgan bu bosqinni "xalqaro huquqning qoʻpol ravishda buzilishi" deb atadi va bu harakatlar falastinliklar hamda butun dunyodagi millionlab dindorlarning his-tuygʻulariga ogʻir botishini taʼkidladi. Mazkur qonunbuzarliklarning oqibatlarini "jiddiy va qabul qilib boʻlmas" deb baholagan mulozim, bu xavfli keskinlashuv uchun butun masʼuliyatni toʻliqligicha Isroil hukumati zimmasiga yukladi.

U xalqaro hamjamiyat va barcha davlatlarni oʻzlarining huquqiy hamda axloqiy majburiyatlarini bajarishga, bosib olingan Quddusdagi falastin xalqi va muqaddas qadamjolarga qarshi davom etayotgan bu kabi zoʻravonliklarni toʻxtatish uchun zudlik bilan chora koʻrishga chaqirdi hamda alohida taʼkidladi: "Muqaddas Al-Aqso masjidining butun 144 dunamlik (gektar) hududi faqatgina musulmonlar ibodat qiladigan maskandir".

Maʼlumot uchun, 2003-yildan buyon Isroil politsiyasi juma va shanba kunlaridan tashqari, yahudiy koʻchmanchilarga har kuni ikki marta — ertalab va peshin namozlari vaqtida masjid hududiga kirishga bir tomonlama ruxsat berib kelmoqda.

Falastinliklar Isroil Sharqiy Quddusni, jumladan, Al-Aqso masjidini yahudiylashtirish hamda uning arab va islomiy qiyofasini yoʻq qilishga qaratilgan harakatlarini keskin kuchaytirayotganini aytishmoqda. Xalqaro rezolyutsiyalarga tayanadigan falastinliklar Sharqiy Quddusni oʻzlarining kelajakdagi mustaqil davlati poytaxti deb biladi. Ushbu xalqaro qarorlar Isroilning 1967-yildagi bosqinini ham, 1980-yildagi anneksiya (hududni noqonuniy qoʻshib olish) siyosatini ham tan olmaydi.