Turkiya Prezidenti Rejep Tayyib Erdo‘g‘an chorshanba kuni bergan bayonotida mintaqada yana - da nozik davr boshlanganini ta’kidlab, Isroil hatto eng kichik tinchlik imkoniyatiga ham qarshi chiqayotganini bildirdi.
Erdo‘g‘an Turkiya Buyuk Millat Majlisida bo‘lib o‘tgan Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) guruh yig‘ilishida so‘zga chiqib: «Isroil hatto eng kichik tinchlik ehtimoliga ham toqat qila olmasligini bilamiz» - dedi.
Mintaqadagi so‘nggi voqealarga to‘xtalgan Erdo‘g‘an isroillik siyosatchilarining so‘nggi o‘n kun ichidagi bayonotlari, “qarshimizda aql va mulohaza bilan harakat qilayotgan davlat emas, balki nazoratni yo‘qotgan radikallar to‘dasi turganini” - ko‘rsatishini ta’kidladi.
«Vaziyat shu qadar og‘irki, hamma bir - birini kamroq odam o‘ldirgani va kamroq qon to‘kkani uchun ayblamoqda» - dedi u.
Erdo‘g‘an Isroildagi ayrim guruhlar mintaqada qurollar sukut saqlashini istamayotgani va kuchli diplomatik sa’y - harakatlar natijasida erishilgan so‘nggi kelishuvni izdan chiqarishga urinayotganini qayd etdi.
U Isroilni «terrorizm va bosqinchilikni davlat siyosatiga aylantirgan qirg‘in tarmog‘i» - deb atab, so‘nggi o‘n kun davomida barcha tomonlarning sa’y - harakatlari bilan erishilgan va «mashaqqatli mehnat mahsuli bo‘lgan kelishuv»ni sabotaj qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilayotganini ifoda etdi.
Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, bu harakatlarning ortida turganlar maqsadlariga erishmaguncha urinishlarini davom ettiradi.
«Agar mintaqamizga tinchlik kelsa, u Isroilga qaramay keladi. Agar mintaqamizda osoyishtalik bo‘lsa, bu Isroilning provokatsiyalariga qaramay bo‘ladi» - dedi Erdo‘g‘an.
U so‘zlari davomida shuningdek: «Bu qirg‘in tarmog‘i nima qilmasin, mintaqamizda tinchlik, adolat, barqarorlik va farovonlik hukm surishiga to‘sqinlik qila olmaydi» - dedi.
Prezident Turkiyaning tinchlik uchun yuzaga keladigan har qanday imkoniyatni qo‘llab -quvvatlashda davom etishini ham ta’kidladi.
«Turkiya sifatida tinchlik uchun eng kichik imkoniyatni ham baholash masalasida zim-mamizga tushgan har qanday vazifani bajarishdan chekinmaymiz» - dedi u.
Erdo‘g‘an Anqara kelgusida ham Eronni o‘z ichiga olgan inqirozni uzoq muddatli va barqaror yechimga olib kelishga qaratilgan sa’y - harakatlarni qo‘llab - quvvatlashda davom etishini bildirdi.
AQSh va Eron 18 - iyun kuni o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi. Shuningdek, AQSh va Isroilning 28 - fevral kuni Eronga qarshi boshlagan urushini yakunlaydigan kelishuvga erishish maqsadida Pokiston va Qatar o‘rtamchiligida tomonlar yakshanba kuni Shveysariyada muzokaralarni boshlagan.
Isroil esa AQSh – Eron memorandumi Livanni ham o‘z ichiga olgan barcha jabhalarda harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirganiga qaramay, Livanga qarshi hujumlarini davom ettirmoqda.


















