Milliy razvedka tashkiloti (MIT) o‘tkazgan operatsiya davomida 2013-yilda Reyhanlida 53 kishi halok bo‘lgan terror hujumining suriyalik ijrochilaridan biri O’mer al-Xatib dengiz orqali Yevropaga qochishga urinayotgan paytda qo‘lga oldi.
Qizil byulleten bilan qidiruvda bo‘lgan O’mer al-Xatib Reyhanli hujumlarini rejalashtirish va tashkil etishda qatnashgan.
O’mer al-Xatib kim?
O’mer al-Xatib 1976-yilda Suriyaning Idlib shahrida tug‘ilgan. Damashqdagi 14-diviziyada harbiy xizmatni o‘tagach, bir muddat Idlibda qurilish ishlari bilan shug‘ullangan. Suriyada ichki tartibsizliklar boshlangan 2011-yilda Latakiyaga borgan. Bashar Asadga qarashli “Amn al-Askari” harbiy razvedka tuzilmasi tarkibida muxoliflarga qarshi qurolli faoliyat olib borgan Shabbiha guruhida qatnashgan. Shu orqali o‘sha paytdagi “Amn al-Askari”ning Latakiya bo‘limi rahbari Kifah Melhem bilan tanishgan.
O’mer al-Xatib 2011-yildan keyin Latakiyada yashagan davrida Reyhanli portlashlarining boshqa ijrochilari bilan tanishgan. Latakiyadagi bir villada birga yashagan Jengiz Sertel, Erjan Bayat va Yusuf Nazik bilan Latakiya hamda Keseb hududlarida kontrabanda faoliyatini olib borgan.
Reyhanlidagi teraktni birgalikda rejalashtirishgan
O’mer al-Xatib Turkiyaga qarshi hujumlarni rejalashtirayotgan Yusuf Nazikni 2013-yilda Kifah Melhem bilan uchrashtirgan. Hujum rejasining tafsilotlari ham ushbu uchrashuvlarda belgilangan.
Dastlab O’mer al-Xatib va Yusuf Nazik hujumdan oldin, 2013-yil fevral oyida Hatay orqali Turkiyaga kirib, hujum uyushtiriladigan joylarni aniqlagan. Latakiyada bo‘lgan Kifah Melhemdan rozilik olishgan.
O’mer al-Xatib hujumdan oldin, 2013-yil may oyida Temir Dukanji bilan “Amn al-Askari”ning Latakiya bo‘limiga borib, portlovchi qurilmada ishlatiladigan materiallarni olgan. Portlovchi moddalar joylashtirilgan avtomobil Temir Dukanji va Yusuf Nazik tomonidan Reyhanliga olib borilib, masofadan boshqariladigan qurilma yordamida portlatilgan.
Asad rejimi tomonidan mukofotlangan
O’mer al-Xatib hujumlardan so‘ng darhol Suriyaga qochgan Temir Dukanji va Yusuf Nazikni “Amn al-Askari”ning Latakiya bo‘limiga olib borgan. O’mer al-Xatib va hujumni amalga oshirgan boshqa shaxslar Bashar Asad rejimi tomonidan katta miqdordagi pul bilan mukofotlangan.
MIT ularni bosqichma-bosqich kuzatgan
MIT Reyhanli hujumidan so‘ng darhol uning ijrochilarini qo‘lga olish uchun ish boshlagan. Boshqa ijrochilar singari O’mer al-Xatib ng Suriyadagi faoliyati ham yaqindan kuzatilgan.
MIT O’mer al-Xatib ng Yevropaga qochish rejasidan xabar topgach, harakatga kirishgan. Reyhanli hujumining suriyalik ijrochilaridan biri bo‘lgan O’mer al-Xatib dengiz orqali Yevropaga qochishga urinayotgan paytda MIT tomonidan qo‘lga olinib, Turkiyaga olib kelingan.
Hujum ijrochilari va tashkilotchilaridan Yusuf Nazik 2018-yilda, Jengiz Sertel 2024-yilda, Muhammad Dib Korali va Temir Dukanji esa 2025-yilda qo‘lga olingan edi.
Reyhanli hujumini amalga oshirishga buyruq bergan general-mayor Kifah Melhem esa 2024-yil fevral oyida Bashar Asad tomonidan Milliy xavfsizlik idorasi rahbari etib tayinlangan. Kifah Melhem Asad rejimi qulagach, xorijga qochib ketgani ma’lum.





















