Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Gretsiya, Fransiya va Ispaniyaga uyushtirgan rasmiy tashriflari ortidan 1,1 milliard yevrodan (1,27 milliard dollar) ortiq yangi mudofaa va energetika kafolatlarining tafsilotlarini ma’lum qildi. U kelishuvlar Ukraina havo mudofaasi, aviatsiyasi va qish mavsumidagi energetika xavfsizligini mustahkamlashini ifoda etdi.
Zelenskiy chorshanba kuni (19.11.2025) Telegram orqali mavzu haqida bergan bayonotida Afinada imzolangan bitimga ko‘ra, Gretsiya isitish mavsumi uchun kafolatlangan gaz hajmlari ta’minlashini bildirdi va mamlakatni «Ukraina hamda butun Markaziy va Sharqiy Yevropa uchun muhim energetika markazi», - sifatida ta’rifladi.
Zelenskiyning aytishicha, Fransiya, mudofaa hamkorligini sezilarli darajada kengaytirishga rozilik bildirgan. Bu holat Ukraina tomonidan 2035 - yilgacha 100 ta Rafale F4 samolyotini xarid qilish rejasi bilan SAMP/T havo mudofaasi tizimlari, ilg‘or radiolokatorlar, havodan havoga raketalar va boshqariladigan aviabombalarni o‘z ichiga oladi. Parij, shu bilan birga, yil oxirigacha yangi harbiy yordam paketini yetkazib beradi.
Zelenskiy, shuningdek, Ispaniya PURL tashabbusi doirasida havo mudofaasi raketalari uchun 100 million yevro (115,7 million dollar); SAFE mexanizmi doirasida 215 million yevro (248,7 million dollar) va Ukrainaning energetika sohasini qo‘llab - quvvatlash uchun 200 million yevro (231,4 million dollar) ajratishni va’da qilganini o‘z so‘ziga ilova qildi.
PURL tashabbusi — Yevropa va Kanadadagi NATO davlatlarining Ukraina uchun Amerikada ishlab chiqarilgan qurollarni xarid qilishni moliyalashtirish imkonini beruvchi AQSh – NATO dasturidir.
Madrid, shuningdek, IRIS - T havo mudofaasi raketalarini o‘z ichiga oluvchi qo‘shimcha mudofaa paketini tayyorlamoqda.
Zelenskiyning Anqaraga bo‘lgan tashrifi
Kecha ertalab Zelenskiy boshchiligidagi Ukraina delegatsiyasi Anqaraga kelib, Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafa Kemal Ataturkning yodgorlik majmuasi — Anitkabirrni ziyorat qildi.
Ukraina Prezidentlik apparati rahbari Andriy Yermak muzokaralar «ishga yo‘naltirilgan, ishchi muhitda» davom etayotganini qayd etar ekan, AQSh Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati vakillari, jumladan elchi Stiv Vitkoff bilan hamkorlik davom etayotganini qayd etdi.















