TURK DUNYOSI
1 daqiqa o'qish
Istanbulda Turkiy davlatlar energetika vazirlari uchrashadi
Turkiya Energetika va tabiiy resurslar vazirligi Turkiy davlatlar tashkiloti energetika vazirlarining beshinchi yig'ilishiga mezbonlik qiladi.
Istanbulda Turkiy davlatlar energetika vazirlari uchrashadi
TDT / TRT
8 декабр 2025

Istanbulda Turkiy davlatlar tashkiloti energetika vazirlarining beshinchi yig'ilishi bo’lib o’tadi.

Mazkur yig’ilishga Turkiya Energetika va tabiiy resurslar vazirligi mezbonlik qiladi.

Vazirlik bayonotiga ko'ra, Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar 9-10 dekabr kunlari Istanbulda bo'lib o'tadigan yig'ilish doirasida mavjud va potentsial hamkorlikni muhokama qilish uchun turkiy davlatlar energetika vazirlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o'tkazadi.

Turkiya mezbonlik qiladigan yig'ilishda TDT kotibiyati, TDTga a'zo mamlakatlar - Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston va O'zbekiston, shuningdek, TDTga kuzatuvchi a'zo davlatlar - Vengriya, Turkmaniston va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi ishtirok etadi.

Ikki kunlik muhokamalar doirasida 9-dekabr kuni texnik energetika ishchi guruhi yig'ilishi, 10-dekabr kuni esa vazir Bayraktar mezbonligida vazirlar yig'ilishi bo'lib o'tadi.

Yig'ilishda qayta tiklanadigan energiya manbalari, neft va tabiiy gaz, yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, aqlli tarmoqlar, energiyani saqlash, vodorod va uglerodni ushlab turish bilan bog'liq energiya texnologiyalari, muhim minerallar va noyob yer elementlari kabi energetikaning barcha sohalari muhokama qilinadi.

Turkiy davlatlar o'rtasida energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bosqichlari ko’zdan kechiriladi.