Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo’g’an, juma kuni, Ikkinchi jahon urushidan keyin g‘oliblar tomonidan tuzilgan xalqaro tizim deyarli har bir sohada yirik qonuniylik inqirozini yashayotganini bildirdi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi tomonidan Istanbulda tashkil etilgan "Xalqaro strategik aloqalar sammiti 2026" (Stratcom Summit ‘26) ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida Rejep Tayyip Erdo’g’an shunday dedi: "Ikkinchi jahon urushidan keyin g‘oliblar qo‘li bilan o‘rnatilgan xalqaro tizim, deyarli har bir sohada katta qonuniylik inqirozini boshdan kechirmoqda. Tizimning asosini tashkil etuvchi muassasalar, qoidalar va qadriyatlar majmuasi kundan-kunga o‘z vazifasini yo‘qotmoqda."
Erdo’g’an o‘z murojaatida quyidagilarni qayd etdi: "Kuchlar o‘rtasidagi raqobat energiya, texnologiya va savdo kabi turli sohalarga yoyilgan; muammolar muloqot o‘rniga qurol bilan hal qilinishiga urinilayotgan; qirg‘inlar, urushlar va inqirozlar borgan sari avj olayotgan qiyin davrdan o‘tmoqdamiz.
G‘azodagi kabi barchamizning qalbimizni o‘rtayotgan fojialarning yakunlanishi; avvalo mintaqamizda va butun dunyoda tinchlik, osoyishtalik hamda barqarorlikning qaytadan ta’minlanishi o‘tmishda hech qachon bo‘lmaganidek muhimdir."
Haqiqatlarni buzib ko‘rsatish uchun to‘qilgan yangi va soxta talqinlarning oldini olish uchun aloqa va hamkorlik mexanizmlarini yanada kuchaytirish zarurligiga diqqat qaratgan Prezident, davlat va hukumatlar bilan bir qatorda olimlar, fuqarolik jamiyati va tahliliy markazlar kabi xalqaro ishtirokchilarni ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga va faolroq bo‘lishga chaqirdi.
Erdo’g’an o‘z xabarida: "Turkiya sifatida insoniy qadriyatlar va adolatni markazga qo‘ygan qat’iyatli hamda tinchlikparvar pozitsiyamizni davom ettirishga; nafaqat mintaqamizda, balki butun dunyoda osoyishtalik va xavfsizlikni qayta tiklash uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar qilishga qat’iy qarormiz," degan so‘zlarni bildirdi.










