SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Pokiston Afg‘onistonni terrorizm tahdidini bartaraf etishga chaqirdi
Islomobodda Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti Vazirlar kengashining 30-yig‘ilishi bo'lib o'tdi.
Pokiston Afg‘onistonni terrorizm tahdidini bartaraf etishga chaqirdi
Pakistan / TRT Özbekçe

Yevrosiyo bloki maqomidagi Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti (IHT) Vazirlar kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Pokiston Tashqi ishlar vaziri Ishoq Dor dushanba kuni bergan bayonotida mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish yo‘lida davlatlar o‘rtasidagi “ishonch va e’tiqod” muhitining muhimligini ta’kidladi.

Islomobodda yakshanba kuni boshlangan va ikki kun davom etadigan yig‘ilish yuqori martabali rasmiylarning kun tartibini tasdiqlash hamda a’zo davlatlarning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi umumiy ustuvor yo‘nalishlari va majburiyatlarini aks ettirishi kutilayotgan “Islomobod deklaratsiyasi” loyihasini tayyorlash uchun to‘planishi bilan boshlandi.

30-marotaba o‘tkazilayotgan mazkur yig‘ilishda 10 ta a’zo davlatning tashqi ishlar vazirlari va delegatsiya rahbarlari bilan bir qatorda, IHT Kotibiyati hamda unga qarashli tuzilmalar vakillari ishtirok etmoqda.

Yig‘ilishda nutq so‘zlagan Dor: “Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik bizni birlashtirib turuvchi yo‘nalishlardangina iborat emas, balki ancha kengroq tushunchaga tayanadi. Bu davlatlar o‘rtasidagi ishonchga va xalqaro majburiyatlar bajarilishiga bo‘lgan e’tiqodga bog‘liq. Hal etilmagan kelishmovchiliklar va xalqaro majburiyatlarning bajarilmasligi ushbu ishonchga putur yetkazishi hamda iqtisodiy taraqqiyotga to‘sqinlik qilishi mumkin”, — deya ta’kidladi.

Mintaqaviy iqtisodiy sheriklikning barqarorligini ta’minlash uchun xavfsiz va barqaror muhit zarurligiga urg‘u bergan Dor, ushbu jihatlar Islomobodning keng qamrovli o‘zaro bog‘liqlik kun tartibining markazida qolishda davom etayotganini qayd etdi.

Dor xalqaro huquq va shartnomalarga hurmat bilan yondashishni davlatlar o‘rtasida mustahkam iqtisodiy sheriklik o‘rnatishning “asosiy sharti” sifatida baholadi.

Pokistonning so‘nggi yillarda munosabatlari yomonlashgan qo‘shnisi Afg‘oniston masalasiga to‘xtalgan Dor, Islomobod “tinch, farovon va barqaror Afg‘oniston” tarafdori ekanini bildirdi.

Shu bilan birga, Dor mintaqaviy hamkorlik yo‘lida “sezilarli” siljishga erishish uchun Afg‘oniston rasmiylari qo‘shni davlatlarning qonuniy xavfsizlik xavotirlarini, xususan, terrorizm tahdidini bartaraf etish choralarini ko‘rishlari zarurligini qo‘shimcha qildi.