TURKIYA
3 daqiqa o'qish
Saudiya Arabistoni Turkiyaning mudofaa sanoatidagi yetakchi tajribasini yuqori baholadi
Saudiya Arabistoni davlat vaziri va Vazirlar Mahkamasi a’zosi Bandar bin Ibrohim al-Xurayf Turkiyaning mudofaa sanoatidagi tajribasi «ilg‘or ekanini va undan o‘rganish mumkin bo‘lgan jihatlar ko‘pligini» bildirdi.
Saudiya Arabistoni Turkiyaning mudofaa sanoatidagi yetakchi tajribasini yuqori baholadi
Saudi minister saysTürkiye’s defence industry experience is worth learning from. / AA

Saudiya Arabistoni davlat vaziri va Vazirlar Mahkamasi a’zosi Bandar bin Ibrohim al-Xurayf Turkiyaning mudofaa sanoatidagi tajribasi «ilg‘or ekanini va undan o‘rganish mumkin bo‘lgan jihatlar ko‘pligini» bildirdi. Al-Xurayf mintaqaviy muammolar kuchaygan bir davrda mudofaa mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladi.

Ayni paytda Saudiya Arabistoni Harbiy sanoat bosh boshqarmasi (GAMI) raisi o‘rinbosari vazifasini ham bajaruvchi al-Xurayf bu fikrlarni chorshanba va payshanba kunlari Istanbulda o‘tkazilgan «Turkiya–Saudiya Arabistoni mudofaa sanoati kunlari» doirasida Anadolu agentligiga bergan intervyusida bildirdi.

Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK), SAHA Istanbul mudofaa va aviatsiya klasteri hamda Saudiya Arabistoni Harbiy sanoat bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda hamkorlik va sarmoya imkoniyatlarini muhokama qilish uchun ikki mamlakatdan yuzdan ortiq kompaniya qatnashdi.

Ilg‘or tajriba

«Mudofaa sanoati sohasida juda muhim ishlarning guvohi bo‘lyapmiz. Shubhasiz, Turkiyaning mudofaa sanoatidagi tajribasi ilg‘or bo‘lib, biz ham qirollik sifatida undan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin», — dedi al-Xurayf.

U, shuningdek: «Mintaqamiz duch kelayotgan muammolar sanoatning ko‘plab tarmoqlarida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun yaqindan hamkorlik qilishimizni taqozo etmoqda», — deya qo‘shimcha qildi.

Saudiya Arabistoni bilan Turkiya o‘rtasidagi sanoat aloqalari mustahkamlanib, hamkorlik kengayayotganini ta’kidlagan al-Xurayf, ayniqsa, qirollikning sanoat va konchilik strategiyalari amalga oshirilishi bilan mudofaa sohasi jadal rivojlanayotganini bildirdi.

Saudiya Arabistoni sarmoya jalb etishda sezilarli natijalarga erishganini qayd etgan vazir, Turkiya bilan o‘rnatiladigan sheriklik orqali yanada ko‘proq sarmoya jalb qilishni maqsad qilganlarini aytdi.

Al-Xurayf mudofaa sanoati sohasida ikki mamlakat manfaatlari uyg‘unligidan mamnunligini bildirib, har ikki tomon sohadagi aloqalarni chuqurlashtirish yo‘lida birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga qat’iy bel bog‘laganini ta’kidladi.

Mushtarak manfaatlar

Al-Xurayf Saudiya Arabistoni va Turkiya o‘rtasidagi mudofaa sanoati hamkorligi mushtarak manfaatlarga asoslanishini bildirdi. Uning aytishicha, har ikki hukumat xususiy sektorning sarmoya kiritish va rivojlanish jarayonlarida yetakchi o‘rin egallashi uchun zarur sharoit yaratishda muhim rol o‘ynaydi.

Vazir xususiy sektor ishtiroki uch asosiy ustunga tayanishini tushuntirdi.

Birinchisi — Ar-Riyod rivojlantirishni maqsad qilgan sanoat yo‘nalishlarini belgilash. Ikkinchisi — infratuzilma, moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash dasturlari orqali xususiy kompaniyalar uchun qulay muhit yaratish.

Uchinchi ustun esa shartnomalar bilan ta’minlash va kutilayotgan talab haqida aniq tasavvur berishdan iborat. Bu kompaniyalarga o‘z sarmoyalarini rejalashtirish hamda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish imkonini beradi.

Yosh kadrlar salohiyati

Mudofaa sanoatining kelajagi haqida so‘z yuritgan saudiyalik vazir sohani rivojlantirishda ilg‘or texnologiyalar va malakali kadrlarning ahamiyatini ta’kidladi.

«Sohaning kelajagi sezilarli darajada o‘zgarmoqda. Harbiy va mudofaa sanoatiga texnologiyalarni joriy etish bu o‘zgarishning asosiy omillaridan biridir. Saudiya Arabistoni ham, Turkiya ham yosh kadrlar borasida katta salohiyatga ega, deb hisoblayman. Ikki mamlakatning kadrlar salohiyati va ta’lim tizimlari ushbu soha kelajagi barpo etiladigan eng muhim poydevorlardan biri bo‘ladi», — dedi u.

Al-Xurayf Saudiya Arabistoni ixtisoslashgan bilim va yangi ishlanmalar yaratish salohiyatiga ega kompaniyalarni jalb qilishga e’tibor qaratayotganini bildirdi. U mavjud imkoniyatlarni tanishtirishda Saudiya Arabistoni Harbiy sanoati (SAMI) kompaniyasi hamda «Rukn» dasturining roliga to‘xtaldi.

Uning ta’kidlashicha, tadbirda ko‘plab turk kompaniyalarining ishtirok etgani ularning Saudiya bozori ehtiyojlarini anglash va birgalikda ishlash yo‘llarini o‘rganishga qat’iy intilayotganini ko‘rsatadi.

«2030-yilga nazar» dasturi

Payshanba kuni bayonot bergan Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Mudofaa sanoati boshqarmasi rahbari Haluk Go‘rgun Turkiya Saudiya Arabistoni bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Go‘rgun Turkiyada umumiy qiymati qariyb 120 milliard dollarga teng 1 400 dan ortiq mudofaa sanoati loyihasi mavjudligini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, turk mudofaa sanoati kompaniyalari Saudiya Arabistonining «2030-yilga nazar» dasturi doirasida harbiy xarajatlarning kamida 50 foizini mahalliy imkoniyatlar hisobidan qoplash maqsadini qo‘llab-quvvatlash uchun saudiyalik hamkorlari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda.

Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni, shuningdek, «Makka mudofaa pakti»ni imzoladi. Avgust oyida Istanbulda o‘tkazilgan yig‘ilishda pakt doirasidagi dastlabki tashkiliy qaror qabul qilinib, kotibiyat tashkil etishga kelishildi.

Shundan buyon uch mamlakat paktni tashkiliy jihatdan mustahkamlash, jumladan, uni o‘z mamlakatlarida ratifikatsiya qilish yo‘lida ijobiy qadamlar tashladi.