TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Erdo'g'an: Tehronga qarshi harbiy harakatlarni rad etamiz
Turkiya Eron va AQSh o'rtasidagi taranglikni hal qilishga yordam berish maqsadida vositachilik qilishga tayyorligini bildirdi.
Erdo'g'an: Tehronga qarshi harbiy harakatlarni rad etamiz
Turkiya Eron va AQSh oʻrtasida vositachilik qilishga tayyor va Tehronga qarshi harbiy harakatni rad etadi. Prezident Erdogʻan. / AA
14 соат олдин

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an seshanba kuni bergan bayonotida Eron va AQSh o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirishga ko‘maklashish maqsadida Turkiya vositachilik qilishga tayyor ekanini bildirdi hamda Anqaraning Tehronga qarshi har qanday harbiy amaliyotni rad etishini ta’kidladi.

Erdo‘g‘an Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida Saudiya gazetasi “Asharq al-Awsat” nashriga bergan intervyusida shunday dedi:
“Keskinlikni pasaytirish va muammolarni hal etish maqsadida Eron va AQSh o‘rtasida vositachilik rolini bajarishga tayyor ekanimizni yana bir bor tasdiqlaymiz.”

Prezident Turkiya mintaqaning “yangi bir urushga yoki navbatdagi vayronagarchilik to‘lqiniga” guvoh bo‘lishini istamasligini alohida ta’kidladi.

Erdo‘g‘an shunday dedi:
“Eronga qarshi har qanday harbiy aralashuvni barcha platformalarda rad etib kelayotganimizni bildirdik. Muloqot qilayotgan tomonlarga keskinlikni kuchaytiradigan har qanday qadamdan tiyilish zarurligini uqtirmoqdamiz.”

Mintaqaviy xavfsizlik mexanizmlarini barpo etish

Prezident Erdo‘g‘an “inqirozlar hali yuzaga kelmasidan oldin ularning oldini olish” maqsadida mintaqaviy xavfsizlik mexanizmlarini yaratishga chaqirdi.

“Hududimizga yangi bo‘linishlar emas, balki umumiy aql va umumiy mas’uliyat asosida shakllangan hamkorlik muhiti zarur,” dedi u.

Shuningdek, Erdo‘g‘an quyidagilarni ta’kidladi:
“Bizning maqsadimiz mojaroni boshqarish emas, balki diplomatik muloqot zaminini mustahkamlash orqali mojaroning umuman yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Shu sababli mintaqaviy xavfsizlik mexanizmlarini barpo etish inqirozlar hali ildiz otmasidan oldin ularning oldini olishga xizmat qiladi, deb ishonamiz.”

Prezident Saudiya Arabistoni va Pokiston, avvalo, do‘st mamlakatlar bilan aloqalar davom etayotganini, masalaga bloklar yoki ittifoqlar mantig‘i asosida yondashilmayotganini bildirib,
“Bu yondashuv mintaqa mamlakatlari bilan olib borayotgan maslahatlashuv va muvofiqlashtirish tashabbuslarimizning asosiy qarashini tashkil etadi,” dedi.

Erdo‘g‘an o‘tgan tajribalar mintaqaning tarixi, o‘ziga xosligi va real sharoitlarini inobatga olmasdan majburan tatbiq etilgan ssenariylar “yanada ko‘proq azob-uqubat va fojialarga” olib kelganini ko‘rsatganini ta’kidladi va bunga misol sifatida G‘azo, Iroq, Suriya hamda Afg‘onistondagi mojarolarni keltirdi