Amerika Qo'shma Shtatlari va uning koalitsiya hamkorlari Iroqda o'z harbiy missiyasini qisqartirishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Pentagon.
"Prezidentning ko'rsatmasiga muvofiq, AQSh-Iroq Oliy Harbiy Komissiyasi hamda 2024-yil 27-sentyabrda e'lon qilingan qo'shma bayonot asosida, AQSh va koalitsiya hamkorlari Iroqda o'z harbiy missiyasini qisqartiradi",- deyiladi Pentagon bayonotida.
Qo'shimcha qilinishicha, ushbu qisqartirish DAESHga qarshi kurashdagi "birgalikdagi muvaffaqiyat" va uzoq muddatli AQSh-Iroq xavfsizlik hamkorligiga o'tish bo'yicha kengroq sa'y-harakatlarni aks ettiradi.
Bu hamkorlik AQSh va Iroq xavfsizligini qo'llab-quvvatlaydi, Iroqning iqtisodiy rivojlanish yo'lida harakat qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va mintaqada yetakchi rol o'ynash qobiliyatini mustahkamlaydi.
AQSh Bag'dod va koalitsiya hamkorlari bilan yaqin hamkorlikni davom ettirib, mas'uliyatli va tartibli o'tishni ta'minlashga intiladi.
Hozirda AQSh Iroqdagi muhim bazalarda taxminan 2500 nafar harbiy xodimni saqlab turibdi.
AQSh va Iroq 2026-yil oxiriga qadar AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlarini Iroqdan olib chiqish bo'yicha kelishuvga erishdi.