Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Ukrainaga mo‘ljallangan kredit dasturining ikkinchi va uchinchi ko‘rib chiqish bosqichlari bo‘yicha moliyaviy kafolatlar ta’minlangan taqdirda, 1,6 milliard dollarlik kelishuvga erishish yo‘lida muhim siljish kuzatilganini ma’lum qildi.
Jamg‘arma bayonotida qayd etilishicha, Gevin Grey (Gavin Gray) boshchiligidagi XVJ missiyasi ukrainalik rasmiylar bilan 8,1 milliard dollarlik 4 yillik Kengaytirilgan moliyalashtirish mexanizmi (EFF) dasturining ikkinchi va uchinchi ko‘rib chiqishlari yuzasidan samarali muzokaralar o‘tkazgan.
Muzokaralar yaqin istiqbolda ekspertlar darajasidagi kelishuvga erishish maqsadida onlayn tarzda davom ettirilishi bildirilgan bayonotda, ushbu kelishuv uchun zarur bo‘lgan siyosiy majburiyatlar yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishish borasida sezilarli yutuqlarga erishilgani ta’kidlangan.
Bayonotda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash hamda urushning kutilganidan uzoqroq davom etishi oqibatida yuzaga kelgan qo‘shimcha moliyaviy ehtiyojlarni qoplash maqsadida moliyaviy kafolatlar olish uchun xalqaro hamkorlar bilan aloqalar olib borilayotgani qayd etilib, XVJ mutaxassislari 2027-yilda 32–34 milliard dollar va 2028-yilda 17 milliard dollar miqdorida moliyaviy taqchillik yuzaga kelishini prognoz qilayotgani ma’lum qilingan.
Dastur doirasidagi samaradorlik birinchi ko‘rib chiqishdan buyon yaxshilangani urg‘ulangan bayonotda, ushbu ijobiy sur’atni saqlab qolish zarurligi ta’kidlangan.
Shuningdek, joriy ko‘rsatkichlar Ukraina rasmiylari sentabr oyi oxiri holatiga ko‘ra barcha miqdoriy samaradorlik mezonlarini bajarganini ko‘rsatayotgani qayd etilgan.
Iqtisodiy prognozlar pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqildi
Tobora murakkablashib borayotgan xavfsizlik vaziyati, iqtisodiy infratuzilmaga qaratilgan hujumlarning kuchayishi hamda urushning 2027-yilgacha davom etishi ehtimoliga to‘xtalib o‘tilgan bayonotda, birinchi ko‘rib chiqishdan buyon iqtisodiy prognozlar ushbu omillarni hisobga olgan holda pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqilgani bildirilgan.
«Hukumatning makroiqtisodiy barqarorlik va umumiy chidamlilikni saqlab qolish borasidagi sa’y-harakatlariga qaramay, urush aholi va iqtisodiyotga og‘ir talafot yetkazishda davom etayotgani sababli istiqbol o‘ta noaniqligicha qolmoqda», — deyiladi jamg‘arma bahosida.
Missiya rahbari Gevin Grey muzokaralar yuzasidan o‘z fikrini bildirar ekan: «Moliyaviy kafolatlar ta’minlanishiga qarab, ushbu ko‘rib chiqish jarayoni keyinchalik XVJ Ijroiya direktorlar kengashi tasdig‘iga kiritiladi va bu Ukrainaga qariyb 1,6 milliard dollar miqdoridagi mablag‘dan foydalanish imkonini beradi», — dedi.





















