Mahalliy hokimiyat organlari bilan favqulodda vaziyatlar agentligi xodimlari bedarak yo‘qolgan kishilarni topish uchun qutqaruv amaliyoti olib bormoqda.
Nigeriya Favqulodda vaziyatlar agentligi ma’lumotlariga ko‘ra mamlakatning shimoli - g‘arbiy qismidagi Sokoto shtatida 50 kishini bozorga olib ketayotgan qayiq ag‘darilib ketishi oqibatida 40 nafardan ortiq inson bedarak yo‘qolgan.
Yo‘lovchilar, kecha yakshanba kuni, shtatdagi mashhur oziq - ovqat bozori bo‘lgan Goronyo bozoriga ketayotgan edi ammo qayiq ag‘darilib ketdi.
Milliy favqulodda vaziyatlar agentligi rahbari Zubaydar Umar, «X» platformasi orqali bergan bayonotida o‘n kishi qutqarilganini ma’lum qildi.
Agentlik bedarak yo‘qolgan kishilarni topish uchun mahalliy hokimiyat bilan hamkorlikda qidiruv - qutqaruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz bundan uch hafta oldin Nigeriya shimoli - markazidagi Niger shtatida 100 ga yaqin yo‘lovchini olib ketayotgan qayiq ag‘darilib ketishi oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lib, o‘nlab inson tan jarohati olgandi.











